Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 23−26 iyun kunlari Pattayya (Tailand) shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 17 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, musobaqada o‘zbekistonlik gimnastikachilar 10 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Taxmina Ikromova halqa, to‘p va tayoq bilan mashq bajarish hamda ko‘pkurashda oltin, shuningdek, lenta bilan mashq bajarishda kumush medalni qo‘lga kiritdi, deb yozdi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi matbuot xizmati.

Sabina Toshkenboyeva to‘p bilan chiqish bo‘yicha musobaqada kumush medal bilan taqdirlandi.

Guruh mashqlarida o‘zbekistonlik gimnastikachilar uchta lenta va ikkita to‘p bilan dastur bo‘yicha eng yuqori natijani ko‘rsatdi.

O‘zbekiston terma jamoasining yoshlar guruhida yana ikki vakil g‘alaba qozonishdi: tayoq bilan chiqqan Eveline Atalyans va lenta bilan chiqqan Vilana Savadyan birinchi o‘rinni egallashdi.

Beshta to‘p bilan o‘tkazilgan guruh mashqlarida o‘zbekistonlik gimnastikachilar ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinni Qozog‘iston, uchinchi o‘rinni Yaponiya terma jamoasi egalladi.

Rasmlar



Foto: MOQ matbuot xizmati