24−27 iyun kunlari Janubiy Koreyaning Chunchon shahrida taekvondo bo‘yicha XXV Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqaning dastlabki kunida o‘zbekistonlik ikki sportchi finalgacha yetib borib, oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida bellashuvlarda 68 kg vazn toifasida Ulug‘bek Rashitov musobaqani nimchorak finaldan boshlab, falastinlik Fahid Abdulrazoqni 2:0 hisobida taslim etdi. U chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Engbold Buyanshagai 2:0 hisobida va yarim finalda eronlik Bozorgishob Darialni ham ayni hisobda mag‘lub etdi.

Shu kuni o‘zbekistonlik taekvondochi finalda Iordaniya vakili Zaid Karimga qarshi dayanga chiqib, uni ham 2:0 hisobida taslim etdi va Osiyo chempioniga aylandi.

Charos Qayumova (chapda). Foto: O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi.

Qizlar o‘rtasidagi bahslarda 53 kg vaznda o‘zbekistonlik Charos Qayumova ishtirokini chorak finaldan boshladi. Bu bosqichda taypeilik Xuang Shix Yuan taslim etildi — 2:0. Yarim finalda esa Qayumova saudiya arabistonilik Dunya Abu Talebni mag‘lub etdi — 2:0. Eronlik Nahid Kiyanichandehga qarshi final bahsida musobaqani jarohat bilan o‘tkazgan Charosga biroz omad yetishmadi — 0:2. Shunday qilib, Charos Qayumova Osiyo chempionati kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, to‘rt kun davom etadigan qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 11 nafar taekvondochi bilan ishtirok etmoqda. Bugungi bahslarda ishtirok etgan atletlardan tashqari qizlardan: Zarnigor Husniddinova (46kg), Dinora Muxtorova (49kg), Feruza Sadikova (62kg), Svetlana Osipova (+73kg) hamda yigitlardan: Niyaz Pulatov (63kg), Jasur Jaysunov (74kg), Shuhrat Salayev (80kg), Nikita Rafalovich (87kg) va Shohrux Rajabov (+87kg) qatnashmoqda.