Namangan, Andijon va Surxondaryoda 149,4 mlrd so‘m muammoli kreditlari undirilmagani ma’lum bo‘ldi. Bu Hisob palatasi tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturiga ajratilayotgan mablag‘lar yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlandi.

«Respublikada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi muammoli kreditlar qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan 1 may holatiga 8 foizga kamaygan. Biroq, dasturdagi muammoli kreditlar Namangan (44 foiz), Andijon (26 foiz) va Surxondaryo (20 foiz) viloyatlarida yuqori salmoqda qolgan», — deyiladi xabarda.

Hisob palatasi mazkur hududlarda quyidagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqladi:

  • doimiy daromad manbaiga ega qarz oluvchilarning 149,4 mlrd so‘m, xususan, davlat tashkilotlari va banklarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 89,3 mlrd so‘m muammoli kreditlari undirilmagan;
  • muammoli kreditlarning 79 foizida qaytmaslik xatari sug‘urtalangan bo‘lib, aksariyat hollarda banklar tomonidan ularni sug‘urta kompaniyalaridan undirish choralari ko‘rilmagan;
  • joriy yil boshidan muammoli kreditlar ulushini kamaytirishda, banklar tomonidan ularni 69 foizini «umidsiz» deb tasniflab, balansdan chiqarish orqali qisqartirilgan. Ya’ni, amalda muammoli kreditlar qaytarilmasdan, bank tomonidan shakllantirilgan zaxiralar (xarajatlar) hisobidan qoplangan;
  • Chortoq tumani Baland adir hududida 2020 yilda tashkil etilgan 1 000 ta 2 sotixlik issiqxonalarning 95 foizi hozirda yaroqsiz holga kelib, ulardan foydalanilmasligi aniqlandi.

«O‘rganish jarayonida Dasturlar doirasidagi muammoli kredit qarzdorliklari jami 101,2 mlrd so‘mga kamaytirildi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, muammoli kreditlarni bartaraf etish, xususan kreditlar o‘z muddatida to‘lanmasligi va maqsadsiz ishlatilishi bo‘yicha quyidagi ta’sir choralari ko‘rildi:

  • 400 mlrd so‘mlik muammoli kredit qarzdorligini undirish uchun sudlarga da’vo arizalari kiritildi;
  • 55 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlarga huquqiy baho berish uchun ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi;
  • 168 mlrd so‘mlik kredit qarzdorliklari bo‘yicha sud qarorlari Majburiy ijro byurolari tomonidan undiruvga qaratildi.

Shu bilan birga, Hisob palatasi tomonidan kelgusida qonunbuzilish holatlarini oldini olish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, nazorat tadbirlari davom ettirilishi aytildi.