Bir qator kriptovalyutalarning, jumladan, bu turdagi valyutalarning “eng kattasi” bitcoinning kursi mart oyidan buyon asta-sekin pasayib kelayotgan edi. 18 iyunga kelib esa bitcoin o‘zining 2020 yil dekabridan buyon kuzatilgan eng past qiymatiga — 19 ming dollargacha tushib ketdi. Bu orada boshqa kriptovalyutalar ham “akasining” ortidan yurib, keskin pasaydi. Turli ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda kriptovalyutalar butkul qulagani va qaytib o‘nglana olmasligi yoki kriptovalyutalarning “pufak” ekanligi haqida ko‘p mish-mishlar tarqaldi. Jumladan, Wall Street Journal o‘zining “Kriptovalyutalar bazmi tugadi” sarlavhali maqolasini e’lon qildi. “Gazeta.uz” ushbu maqolaning tarjimasini e’tiboringizga havola etadi.

Kriptovalyuta sanoati takabburlik, g‘ayrat va optimizm ustiga qurilgan. Yo‘qotishlar va ishdan bo‘shatishlar ko‘payib borayotgani sababli, bularning uchtasi ham tanqislik qilmoqda, deyiladi Wall Street Journal maqolasida.

13 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Superkubok (amerikancha futbol bo‘yicha eng ilg‘or kubok) uchrashuvida Crypto.com (eng yirik kriptobirjalardan biri) ning milliarder, NBA yulduzi Lebron Jeyms ishtirokidagi reklamasini teleekran orqali millionlab tomoshabinlar ko‘rdi. “Agar siz tarixga kirishni xohlasangiz, hammasini o‘zingiz qilishingiz kerak”, — deydi Jeyms mashhur kriptovalyutalar savdosi platformasining 30 soniyalik roligida. Reklama roligining so‘ngida: “Omad dovyuraklarga kulib boqadi” degan yozuv paydo bo‘ladi.

O‘tgan hafta Crypto.com o‘zining 5% ishchi kuchini ishdan bo‘shatdi va kompaniyaning bosh ijrochi direktori o‘z Twitter’ida kompaniya hozirda “murakkab va zarur qarorlar chiqarishga majbur” ekanligini e’lon qildi.

Bicoin va shu kabi valyutalarning tarafdorlari “Kambag‘al bo‘lib qolgan holda xursandchilik qiling” shiori ostida kriptovalyutalarga shubha bilan qarayotganlarga javob qaytarib kelishadi.

Vaqti-vaqti bilan kriptovalyutalar Beanie Babies (yumshoq o‘yinchoqlar turi) va dotkomlar aksiyalari hamda Velvet Underground (amerikaliklar rok-guruhi) larning kombinatsiyasiga o‘xshab ketardi: bu ahmoqgarchilik, bu katta pullar va barcha obro‘li odamlar bunga qiziqib qolishgan. Kriptovalyutalar, shuningdek, chayqovchilikka oid, adashishlar bilan yonma-yon yuruvchi va xavflarni mensimaslik, e’tiborga olmaslik hamda ochko‘zlik kabi tarixda kuzatilgan pufaklarga xos xususiyatlarga ega.

Hozir bozorlar qulayotgan va jahon iqtisodiyotini inflyatsiya daxshatga solayotgan bir paytda kriptovalyutalar eng birinchi bo‘lib sotilgan aktivlar bo‘lmoqda. 2021 yil noyabrida bitcoin o‘zining rekord darajadagi maksimumiga erishib, kriptovalyutaning umumiy hajmi 2 trln dollarga yetganidan buyon — mavjud bo‘lgan kriptovalyutalarning uchdan ikki qismi yo‘q qilindi. Kriptobirjalar foydalanuvchilarni hech vaqosiz qoldirishmoqda, kriptokompaniyalar esa ishchilarni bo‘shatishmoqda, hech bo‘lmaganda bittasi qayta tuzish imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda.

Kriptovalyutalar uchun qulashlar va ko‘tarilishlar oddiy holga aylangan, sohadagi ko‘pchilik buni “qish” deb ataydi.

“Gap shundaki, aksiyalarda bo‘lgani kabi, kriptovalyutalarda ham o‘sayotgan bozor sharoitida hamma o‘zini daho deb his qiladi”, — deydi 90-yillarda dotkomlar vasvasasi davrida milliarderga aylangan va bir nechta kriptoloyihalarga sarmoya kiritgan Mark Kyuban. “Endi, ikkalasining ham narxi tushayotgangda, oson pullar evaziga o‘zini saqlab turgan kompaniyalar birin-ketin yo‘qolishni boshlaydi”, — deydi u.

Vasvasaning boshlanishi

Bitcoin elektron pullarning bir shakli sifatida 2009 yilda, Satoshi Nakamoto ismi bilan mashhur bo‘lgan anonim yaratuvchi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.

Uning narxi o‘sishni boshladi — barqaror bo‘lmagan holda, tizimsiz va ko‘pincha keskin ko‘rinishda, yo‘l-yo‘lakay iloji boricha ko‘p insonlarni o‘ziga jalb qilgancha rivojlandi. Kursning o‘sishiga ko‘plab omillar sabab bo‘ldi, ammo kriptosarmoyadorlar ko‘pincha mavjud moliya tizimining muvaffaqiyatsizlikka uchraganini va kriptovalyuta bu kelajak ekanligini ta’kidlashadi.

2021 yil aprelida AQShdagi eng yirik kriptobirja Coinbase Global Inc. 85 mlrd dollarlik qiymatga baholangan ilk bitcoinga asoslangan ommaviy kompaniyaga aylandi. Bunga esa kriptovalyutalar dunyosidagi hal qiluvchi hodisa sifatida qaraldi.

Avgust oyida Mayamida shahar brendi ostida MayamiKoin kriptovalyutasi yo‘lga qo‘yildi.

Kriptovalyuta tizimi sarmoyadorlarni o‘ziga jalb qila boshladi. Lebron Jeyms ishtirokidagi Crypto.com roligi, hattoki Superkubokning o‘zida ham kriptovalyutalar haqidagi bir nechta reklama e’lonlaridan bittasi edi xolos. Kriptokompaniyalar reklamasini endilikda beysbol Oliy ligasini hakamining maxsus kiyimida va yuqori ligalardagi bir nechta sport maydonlarida ko‘rish mumkin. Coinbase esa NBA final uchrashuvida o‘z reklamasini namoyish etdi.

2020 yil mayida mashhur xej-fond menejeri Pol Tyudor Jons o‘z aktivlarining ma’lum bir qismi bitcoinlarda saqlanishini va buning “katta spekulyatsiya” ekanligini aytdi. O‘sha paytda bitcoinning kursi 9 ming dollar atrofida edi. Uning ortidan boshqa professional sarmoyadorlar ham o‘yinga kirdi — Bill Miller, Alan Xovard, Stenli Drakenmiller… Birdan ma’lum bo‘ldiki, kriptovalyutalar meynstrimga (ma'lum bir sohaning asosiy yo‘nalishi) aylandi.

2021 yilning dekabrida 700 mln dollarlik kelishuvdan so‘ng Los-Anjelesdagi mashhur stadiondan “Staples Center” yozuvi olib tashlandi va “Crypto.com Arena” yozuviga almashtirildi. Ushbu kelishuv stadion nomiga egalik qilish huquqi bo‘yicha tarixdagi eng yirik shartnoma bo‘ldi.

2022 yil aprelida bo‘lib o‘tgan Mayamidagi kriptokonferensiyada 25 mingdan ortiq odam qatnashdi. Mayami meri Frensis Suares Nyu-York Uoll-Stritidagi buqa bilan raqobat qilishi nazarda tutilgan 11 futlik va 3000 funt og‘irlikdagi texno uslubidagi qora buqaning ochilish marosimiga rahbarlik qildi. Djanni Versachening qasrida bo‘lib o‘tgan bazmda jonli musiqa va sinxron suzish tomoshalari ham bo‘lgan edi.

MicroStrategy Inc ta’sischisi Maykl Seylor o‘zining dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyasidan foydalangan holda, hisobiga o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 6 mlrd dollar qiymatga teng bo‘lgan 100 000 dan ortiq bitcoinni joylashtirgan. “Mening bitcoinlar borasidagi kayfiyatim juda optimistik”, — degan edi u. ARK Investment bosh direktori Keti Vudning ta’kidlashicha, bitcoin kursi 1 mln dollardan ham oshadi. PayPal Holdings Inc ta’sischilaridan biri Piter Til “bitcoinchilarga” kriptovalyutalarga qarshi chiquvchi insonlardan tashkil topgan “dushmanlar ro‘yxatini” tuzishni tavsiya qildi.

Qulash

Inflyatsiyadan qo‘rqqan holda treyderlar va investorlar o‘z portfellaridagi xavfli deb hisoblagan aktivlarni sotishmoqda. Foyda keltirmayotgan kompaniyalarning aksiyalari tezda qulay boshladi, ko‘plab yangi ommaviy texnologiya kompaniyalari yilning birinchi yarmida o‘z qiymatining yarmidan ko‘pini yo‘qotdi. Shuningdek, kriptovalyutalar ham sotish ro‘yxatidan yuqori o‘rin egalladi.

Bitcoin bu yil qiymatining yarmidan ko‘pini yo‘qotdi va hozirda 2020 yil oxiridan beri eng past darajada savdo qilinmoqda. Yana bir mashhur kriptovalyuta Ethereum 2022 yilda taxminan 68% ga tushib pasaydi.

“Ko‘pgina aktivlar sinflarida takabburlik ko‘p edi. Bu juda ko‘p ochko‘zlik va barqaror bo‘lmagan biznes modellariga, shuningdek, kriptovalyutalarda juda ko‘p vositalarni keltirib chiqardi. Hozir kriptovalyutalar qulamoqda”, — deydi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi Galaxy Digital Holdings Ltd korporativ tadqiqotlar bo‘limi rahbari Aleks Torn. “Ko‘p miqdordagi kripto jamg‘armalar bu davrdan omon chiqa olmaydi”, — deydi u.

Ko‘pchilik bu sohaning ko‘tarilishiga qimmatli qog‘ozlar bozorining davomiy o‘sishi va jahon markaziy banklarining bozordan maksimal darajada foyda olishga intilish siyosati qanchalik ta’sir qilganini tushunmaydi, — dedi LMAX Digital aktivlar birjasi strategi Joel Kryuger.

“Bularning barchasining istehzoli tomoni shundaki, 2008 yilgi inqirozdan keyin oson pul topish sharoitlari biz ko‘rgan eng katta xavf davriga olib keldi”, — dedi janob Kryuger. “Bu kriptovalyutalarga foyda keltirdi”.

Og‘ir oqibatlar

Asosiy e’tibor kriptovalyutalardan kriptovalyuta bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalarga ko‘chdi. Birjalar uchun savdo bilan shug‘ullanish ularning biznesini harakatlantiruvchi asosiy kuchdir, kriptoaktivlarni sotish jarayoni boshlangach, ularning daromadlari pasaydi. May oyida Coinbase yilning birinchi choragida o‘zining 429,7 mln dollar zarar ko‘rgani va rahbarlar kompaniya aksiyalarini sotib, foyda keltirishganiga qaramay, foydalanuvchilar platformani tark etishayotgani haqida xabar berdi. Iyun oyida kompaniya 2012 yilda asos solinganidan buyon ilk bor ishchi shtatining beshdan bir qismini qisqartirdi. Kompaniya aksiyasi hozirda 51 dollar atrofida savdo qilinmoqda (2021 yil 14 aprelda maksimum darajaga chiqib, 429,54 dollar narxda savdo qilingan). Gemini, BlockFi va katta maosh to‘laydigan Crypto.com ham o‘z hodimlarini ishdan bo‘shatdi.

May oyining boshida kriptobozordagi doimiy bosim bitta muhim tizimni sindirdi: 1 dollar qiymat atrofidagi stabil narxni ushlab turishga mo‘ljallangan terraUSD nomli valyuta o‘ziga bog‘langan Luna nomli kriptovalyutani o‘zi bilan tortgan holda quladi. Deyarli bir soat ichida 40 mlrd dollarlik umumiy qiymatga ega bo‘lgan ikkita kriptovalyuta ham yo‘qqa chiqdi. Ushbu qulash navbatdagi oqibatlarga olib keldi. Iyun oyi boshida 12 mlrd dollarga teng foydalanuvchi aktivlariga ega bo‘lgan Celsius Network LLC nomli kripto-kredit ajratish xizmati pul yechib olish imkoniyatini muzlatib qo‘ydi. Mablag‘lar hali ham muzlatilgan va kompaniya o‘z majburiyatlari va qarzlari borasidagi mojarolarni yechish uchun yurist yollagan. Babel Finance nomli yana bir kreditchi kompaniya 17 iyun kuni pul yechib olish va kreditni yopish xizmatlarini to‘xtatib qo‘ydi.

The Wall Street Journal’ning xabar berishicha, 17 iyun kuni Three Arrows Capital Ltd nomli kriptovalyutalarga asoslangan xedj-fond katta zarar ko‘rgach, o‘z aktivlarini sotish yoki boshqa firma evaziga kompaniyani qutqarish kabi strategik yo‘llarni ko‘lib chiqmoqda.

Zararlarga qaramay, aksariyat sarmoyadorlar o‘z optimistik kayfiyatini saqlab qolishmoqda. Marshal Jonson, Merilendda yashaydigan 54 yoshli televideniya prodyuseri 2021 yilda narxi 38 000 dollar atrofida bo‘lgan paytda bitcoin sotib olishni boshlagan. O‘sha paytda uning rejasiga ko‘ra, u to bitta to‘liq bitcoin yig‘ilmaguniga qadar pul ajratishni maqsad qilgan. U hali ham bitcoinning kelajagiga ishonadi va o‘z rejasiga amal qilishda davom etmoqda. Aslini olganda, bitcoin narxining tushib ketganini hisobga olsak, o‘ning ta’kidlashicha, u o‘z maqsadiga yaqin turibdi. “Men bo‘z maqsadimga bir yil oldingiga qaraganda yaqinman”, — deydi u kulib.

Si Jey Uilson bitcoin haqida ilk bor 2012 yilda eshitgan. U paytlar Uilson Beysbol Oliy ligasining pitcheri bo‘lgan, Kaliforniyada yashab, bo‘sh vaqtini kumush va oltin quymalarini olish va sotish bilan o‘tkazgan. U raqamli valyutalarga shubha bilan qarashini, chunki “kompyuterdagi valyutani qanday yaratilishini” bilmasligini aytadi. Ammo 2019 yilda u MLB (Beysbol Oliy ligasi) dan ketgach, Satoshi Nakamotoning bitcoin haqidagi texnik hujjatini o‘qib chiqadi va qiziqib qoladi.

Uyqusizlikdan aziyat chekkan Uilson tunlari bitcoinlar bilan savdo qila boshlaydi va asta-sekin boshqa kriptovalyutalarga o‘tadi. “Ba'zida siz ularga shunchaki qaraysiz-u, ularga chiroyli nom qo‘yilgani haqida o‘ylaysiz”, — deydi u. U dunyo bo‘ylab bir qator kriptokonferensiyalarga tashrif buyuradi — San-Fransiskodan Londongacha va Las-Vegasgacha.

Ohir-oqibat Uilson o‘z e’tiborini yana bitcoinga qaratadi. Ammo o‘tgan yili u pufaklarga xos alomatlarni his qila boshlaganini aytdi. Crypto.com “Leykers” jamoasining arenasiga homiylik qila boshlaganida, unda shunday savol paydo bo‘ladi: “Ularda shuncha pul qayerdan paydo bo‘lmoqda?”. Uning aytishicha, u kriptovalyutalarda muvaffaqiyatga erishgan odamlar tomonidan yaxtalardagi turli bazmlarga takliflar ola boshlagan. Coinbase direktori Brayan Armstrongning Kaliforniyadagi 133 mln dollarlik uyni sotib olishi uning e’tiborini tortdi.

Uilsonning aytishicha, u hali ham bitcoinga ishonadi, ammo 2022 yil bahorida u bitcoinni ushlab turishdan ko‘ra ko‘proq ular bilan savdo qilishni afzal ko‘rmoqda.

Kriptovalyuta dunyosining qulashi ayrim sarmoyadorlarga 1990-yillarning oxiridagi internet kompaniyalarining “bum"ini eslatmoqda. Bir tomondan, “dotkom pufaklari” davrida sarmoyadorlar haq edilar — internet chindan ham kelajak edi. Ammo bu ularning ko‘pchiligini yuzlab internet kompaniyalarining bankrotligi tufayli tonnalab pul yo‘qotishidan qutqara olmadi.

“Uzoq muddatli maqsadlarda biz kriptovalyutalarga ishonamiz”, — dedi Sequoia Capital hamkori, kriptosarmoyador Shon Maguayr. “Ammo qisqa muddatli maqsadlarda ulardan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilaman”.

Pandemiyadan oldin 35 yoshli Kelli Miller San-Fransiskoda professional musiqachi sifatida faoliyat olib borar edi. Pandemiya sababli uning daromadi nolga tushib qoldi va Robinhood Markets Inc orqali aksiyalarga sarmoya kirita boshladi. 2021 yil yanvar oyida u kriptovalyuta sotib olishga qaror qildi va bir oz Dogecoin sotib oldi. U o‘zining kichik xaridi narxi ko‘tarilib, keyin tezda tushib ketganini kuzatdi. Keskin tushish va ko‘tarilishlarga qaramay, hozir u Istanbulda yashamoqda. O‘tgan bir yarim yil ichida u bitcoin, Ethereum va Solana kabi kriptovalyutalarni sotib oldi. U o‘z pullarining katta qismini Solana’da saqlashini aytdi. So‘nggi paytlar uning portfeliga zarar yetgach, u kripto-olamida o‘zgarishlar qilinishi zarurligini ta’kidladi.

“Ushbu makon nazorat qilinishi lozim, u ist’molchilar uchun xavfsiz bo‘lishi kerak”, — dedi u.

Den Xeld 2012 yilda bitcoinlar bilan shug‘ullana boshladi, ko‘pchilik bu haqda eshitmagan bir paytda yangi pul tizimi g‘oyasi uni hayratga soldi. U Texasdan San-Fransiskoga ko‘chib o‘tdi, bitcoinga aloqador uchrashuvlarda qatnasha boshladi va ushbu muhitga sho‘ng‘idi.

Xeld ko‘p yillar davomida bitcoinni ommalashtirish bilan shug‘ullanadi va u Twitter’da ko‘plab muxlislarga ega, biroq bu yil boshida uni ko‘chalarda, Texas mehmonxonasi liftida odamlar tanishni boshlaganidan hayron qola boshladi. Uning uchun bu hodisa bitcoinning qanchalik keng tarqalgan ekanligini ko‘rsatar edi. Uning bunchalik kirishib ketishiga sabab, bitcoinning hozirgi tizimdagi asosiy muammolarni hal qila olishiga ishonishidadir. “Qulashlarning hech biri, hatto hozirgisi ham mendagi bu ishonchni susaytirmagan”, — deydi u.

“Mening fikrim 2012 yildagidek. Menga o‘xshaganlar shunchalik ko‘pki, men bitcoinning oxirini ko‘rmayapman”, — deydi u.