18−22 iyun kunlari Hindiston poytaxti Dehli shahrida velotrek bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Turnirda O‘zbekistonlik velosportchilar 1 ta oltin va 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Bu haqda O‘zbekiston velosport federatsiyasi «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Qayd etilishicha, yoshlar o‘rtasidagi guruh poygasida 74 ochko jamg‘arib, ta’qibchilarini 3 ta aylanaga ortda qoldirgan Farruh Bobosherov oltin medalga ega chiqdi.


Ayollar o‘rtasidagi bahslarda Yanina Kuskova 3 ta medalga sazovor bo‘ldi. Kuskova ayollar o‘rtasida yakkalik, guruh hamda Nafosat Koziyeva bilan juftlik bellashuvlaridagi Medison yo‘nalishida bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Sofiya Karimova ham 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonlik velosportchi guruh poygasida, shuningdek, yoshlar o‘rtasidagi Skretch yo‘nalishida sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.


Yoshlar o‘rtasidagi Omnium poygasida Vladislav Troman hamda Asal Rizayevalar ham bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Osiyo chempionatida 24 mamlakatidan kelogan velosportchilar ishtirok etishdi. O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada 20 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.