20 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev respublika Konstitutsiyaviy komissiyasi a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida davlat rahbari Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan fuqarolar tomonidan bildirilgan ayrim takliflarga munosabat bildirish asnosida o‘z takliflarini ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev, dastavval, konstitutsiyaviy islohotlarning bugungi kundagi zaruratiga qisqacha to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kun hamda kelgusida davlat va jamiyatda insonning o‘rni, davlat va jamiyat faoliyatidagi ustuvor siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar tamoyillar, aholi farovonligi hamda jamiyat va davlat taraqqiyotini ta’minlashda konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyatini aniqlab olish davr taqozosi hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, «asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilashni» talab etadi.

«Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim», — deya qayd etdi davlat rahbari.

Prezident komissiya a’zolari e’tiborini ayrim ustuvor yo‘nalishlarga qaratdi.

1. Inson huquq-erkinliklari va manfaatlari

Shavkat Mirziyoyev ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash yuzasidan bildirilgan takliflarga munosabat bildirib, bu insonning tabiiy va uzviy huquqi hisoblangan yashash huquqi kafolatlariga hamda demokratik va insonparvar g‘oyalarga zid ekanligini ta’kidladi. U «O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi», degan muhim normani asosiy qonunda aks ettirishni taklif etdi.

Davlat rahbari huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan gumon qilinuvchi shaxslar huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida «ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan «Miranda qoidasi»ni qo‘llash taklifini ilgari surdi.Unga ko‘ra, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart.

«Bundan tashqari, „Xabeas korpus“ institutini rivojlantirish zarur. Ya’ni, shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas. Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi haqidagi normani ham Konstitutsiyada aks ettirishimiz zarur», — deya ta’kidladi prezident.

Davlat rahbarining taklifiga ko‘ra, sudlangan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari huquqlari kafolatlarining buzilishiga chek qo‘yish maqsadida «shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas"ligi, «ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shart» ekanligi Konstitutsiyada qat’iy belgilab qo‘yilishi zarur.

«Milliy qonunchiligimizda bajarib bo‘lmaydigan yoki bajarish qiyin bo‘lgan normalar ham uchrab turadi. Aslida, qonunlar insonga hech qachon ortiqcha talab qo‘ymasligi kerak. Ortiqcha talab, avvalo, ortiqcha xarajat degani. Qolaversa, bu korrupsiyaga yo‘l ochadi», — deya ta’kidladi prezident. O‘z o‘rnida, bunday holatlarning oldini olish maqsadida «ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari — qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi» lozimligi to‘g‘risidagi yangi normani Konstitutsiyaga kiritish taklifini bildirdi.

Shuningdek, fuqarolarning mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqi, mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozimligi qayd etildi. Bundan tashqari, shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi zarur.

2. «O‘zbekiston — ijtimoiy davlat»

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston — ijtimoiy davlat» degan g‘oyani asosiy qonun bilan mustahkamlash taklifini ilgari surdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «inson qadri» tushunchasi «ijtimoiy davlat» tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Ijtimoiy davlat — ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, samarali ijtimoiy siyosat olib borishga asoslangan davlat modeli hisoblanadi.

«Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratishni talab qiladi. Shu bilan birga, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir», — deya tushuntirdi prezident.

Bundan tashqari, ijtimoiy davlatda aholi turmushi uchun zarur resurslar — ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar yaratish, majburiy mehnatga chek qo‘yish ham muhim ahamiyatga ega.

Davlat rahbari aholi uy-joylarining noqonuniy buzilishi yoki tortib olinishi holatlariga butunlay barham berish maqsadida «fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash»ni taklif etdi.

«Сuдniнг qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak. Imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanishi shart. Uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi Konstitutsiyada qat’iy belgilanishi darkor», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tomonidan ijtimoiy davlat tamoyillariga mos ravishda xususiy mulk himoyasi hamda tadbirkorlar huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish taklif etildi.

Davlat rahbarining taklifiga binoan, mulkdorlarning sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz mol-mulkidan mahrum etilmasligini nazarda tutuvchi, rivojlangan davlatlar tajribasiga mos yangi tartib ishlab chiqilishi zarur. Shu bilan birga, asosiy qonunda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik qoida tariqasida belgilab qo‘yilishi lozim.

Tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarga barham berish maqsadida, mamlakatda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larning erkin harakati, ichki va tashqi savdo rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilishining qonuniy asoslarini konstitutsiyada mustahkamlash taklif etildi.

«Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini Konstitutsiyada mustahkamlashni taklif etaman. Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim», — deya ta’kidladi prezident.

Shu bilan birga, yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi, qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlat tasarrufida bo‘lib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomasi asosida berilishi to‘g‘risidagi moddaning Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev «oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish» masalalariga to‘xtalib, «oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida» shakllanishi hamda jamiyat va davlatning himoyasida ekanini Kostitutsiyada mustahkamlab qo‘yishni taklif etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaratishi, «ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyoz va ijtimoiy kafolatlar yaratib berishi» lozim. Shuningdek, bolalar manfaatlari, ularning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ustuvor yo‘nalish ekanligi, «davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashi» asosiy qonunda o‘z ifodasini topishi zarur.

Bundan tashqari, prezident «davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratishi» kostitutsiyaviy norma sifatida belgilanishi lozimligini qayd etdi.

«Konstitutsiyamizga „Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir“, degan qoidani kiritish yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi», — deya taklif qildi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatda nogironligi bor shaxslar huquqlari kafolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashni taklif etdi. Uning qayd etishicha, hozirda respublikada 1 million nafarga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi.

Prezident mamlakat Konstitutsiyasiga «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har qanday ajratib qo‘yish, ularning huquqlarini cheklash, obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi», «Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni va teng imkoniyatlarni yaratadi», «Alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi» mazmunidagi moddalarni kiritishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, fuqarolarning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga, ishsizlikdan himoyalanishga bo‘lgan huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish — konstitutsiyaviy islohotlarning muhim maqsadi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, davlat rahbari «har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlash, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishini belgilash»ni taklif etdi.

Shu bilan birgalikda, yangilangan Konstitutsiyada homilador yoki yosh bolali ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirishga qat’iy cheklov o‘rnatilishi, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ham nazarda tutilishi lozim.

Davlat rahbari tomonidan chet elda bilim olayotgan va mehnat qilayotgan fuqarolarni, ularning mamlakatimizda yashayotgan oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida «davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi», mazmunidagi Konstitutsiyaviy norma kiritish taklif etildi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, «millat hayotining davomiyligini ta’minlash, uning genofondini saqlash» maqsadida Konstitutsiyada belgilangan «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega» (40-modda) degan umumiy normani mazmunan kengaytirib, «to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan normalar bilan boyitish» zarur.

Shavkat Mirziyoyev ekologik xavfsizlik, jumladan, «global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani» nuqtai nazaridan, qolaversa, «fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun mas’uliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish» maqsadida Konstitutsiyaga tegishli ekologik-huquqiy normalarni kiritish taklifini ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, o‘z navbatida, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Davlat rahbari mamlakatda ta’lim, ilm-fan va inson kapitalini rivojlantirish masalalarining ustuvorligi xususida so‘z yuritib, asosiy qonunda «davlat maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishini» nazarda tutuvchi normalar o‘z ifodasini topishi lozimligini qayd etdi.

«Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmacligini Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘ysak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.

3. Erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish

Prezidentning taklifiga ko‘ra, mahallaning maqomi hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalari, jumladan, «mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish bo‘yicha vakolatlari» Konstitutsiyada alohida belgilanishi zarur.

4. Insonparvar va demokratik huquqiy davlat qurish

«Huquqiy davlat — demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir. Shu ma’noda, men „O‘zbekiston — huquqiy davlat“ degan g‘oyani Konstitutsiyamizda aniq mustahkamlab qo‘yishni taklif etaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi, «mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash» konstitutsiyaviy norma sifatida o‘rnatilishi lozim.

Davlat rahbari Konstitutsiyaga davlat boshqaruvi organlari vakolatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qoidalarni qo‘shish yuzasidan ayrim takliflarni sanab o‘tdi. Jumladan:

  • Oliy Majlisning hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini kengaytirish;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etish;
  • Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani muhokama qilishni parlament vakolatiga kiritish;
  • Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish;
  • Prezidentning ayrim vakolatlarini (masalan, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolati) Oliy Majlisga o‘tkazish;
  • hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini bir-biridan ajratishdir, xususan, «hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash».

Fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Shavkat Mirziyoyev qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilish, xususan, «qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etish» masalasini Konstitutsiyada belgilab qo‘yishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur institut vositasida «100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishlari» mumkin bo‘ladi.

O‘z navbatida, Oliy Majlis Senati, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasiga ham yangi qonunchilik takliflarini kiritish vakolati berilishi zarur.

Davlat rahbari yangilangan Konstitutsiyada hukumat vakolatlarining kengaytirilishi maqsadga muvofiq ekanligini qayd etdi.

«Xususan, Konstitutsiyada Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini belgilash lozim», — deya ta’kidladi u.

Bundan tashqari, davlat rahbari sud-huquq tizimi bilan bog‘liq Konstitutsiyaviy normalar xususida so‘z yuritib, «sud-huquq tizimini qoralovchi, jazolovchi organdan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi organga aylantirish» hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Xususan, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish, «fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqish» Konstitutsiyaviy sudning vakolati sifatida Konstitutsiyada aks ettirilishi lozim.

Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari va normalari, jumladan, tinchlikparvarlik va do‘stona siyosat yuritish, inson huquqlari va erkinliklari hamda davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish asosiy qonunda o‘z ifodasini topishi zarur.

Shu nuqtai nazardan Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini yangi tahrirda ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq. Mazkur hujjatlarning g‘oyatda ahamiyatli ekanligini hisobga olgan holda, prezident ushbu Konsepsiyalarni ham Konstitutsiyaviy qonun shaklida qabul qilishni taklif etdi.

Davlat rahbari yangilangan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etdi.

«Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Lekin, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu „Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi — xalqdir“ degan tamoyilga to‘la mos keladi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident so‘zi yakunida yangilanayotgan Konstitutsiya hayotda to‘la qaror topishi uchun davlat tomonidan barcha kuch va vositalar safarbar etilishi, har bir konstitutsiyaviy norma ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy-huquqiy choralar ko‘rilishiga ishontirdi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 20 iyun holatiga ko‘ra, fuqarolardan kelib tushgan takliflar soni 48 ming 492 tani tashkil etgan. Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar muhokamadan o‘tkazilgan va ayni paytda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida.