20 iyun kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqida, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibi muhokama qilindi. Shuningdek, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 238 ta, Ozarbayjonda esa 53 ta O‘zbekiston kompaniyasi faoliyat ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Tomonlar 2021 yilda O‘zbekiston-Ozarbayjon savdo aylanmasining hajmi 40 foizdan oshgani hamda 2022 yilning yanvar — iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar ko‘payganini qayd etdilar. Ular neft-kimyo, kimyo va elektrotexnika mahsulotlari, qora va rangli metall buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari, asbob-uskunalar va to‘qimachilik mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qildilar.

Bundan tashqari, 2022 yil oxiriga qadar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida yuk tashish hajmining o‘sishi 40 foizga o‘sishi kutilayotgani, shu nuqtai nazardan, ikki davlatni bog‘laydigan logistika yo‘nalishlarini kengaytirish, o‘zaro va tranzit yuk tashishni ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlik yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga ham e’tibor qaratildi. Hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitimni imzolash istiqbollari qayd etildi.

foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati

Ikki davlat rasmiylari ishtirokida biznes forum ham tashkil etildi. Unda, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda Ozarbayjon va O‘zbekistonning yirik kompaniyalarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning izchil diversifikatsiya qilinishi o‘zbek va ozarbayjon ishlab chiqaruvchilariga yangi qiymat zanjirlarini yaratish va birgalikda uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqish imkonini berishi ta’kidlandi.

Shuningdek, ikki mamlakat hududlari orqali o‘zaro va tranzit yuk tashishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar joriy qilinishi e’lon qilindi.

Tadbir dasturi doirasida «B2B» (biznes biznes uchun — tahr.) va «G2B» (hukumat biznes uchun — tahr.) tarzida panel munozaralari bo‘lib o‘tdi, unda o‘zbek va ozarbayjon biznes vakillari aniq loyiha takliflari asosida biznes hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Forum yakunida umumiy qiymati 500 mln dollardan ortiq qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha qator bitimlar, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida amaliy hamkorlik to‘g‘risida 10 ta kelishuv imzolandi.