O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni mamlakat Bosh qonuniga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘lim jazosini taqiqlash to‘g‘risidagi normani kiritishni taklif qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, insonning qadr-qimmati avvalo uning tabiiy yashash huquqida namoyon bo‘ladi. Bu — eng ulug‘ va muqaddas qadriyatlarimizdan biridir», — dedi prezident.

«Ma’lumki, biz o‘lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirib, bu jazoni to‘liq bekor qildik. Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlar o‘lim jazosini bekor qilganini eslatdi. «Chunki yashash huquqi — har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan».

«Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga „O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi“, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman. Shu tariqa, biz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilamiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.