1946 yilda AQShning Sovet Ittifoqidagi elchixonasi diplomati Jorj Kennan Vashingtonga uzun telegramma yuboradi. Unda amerikalik diplomat Sovet Ittifoqining siyosiy tizimi, sovetlarning G‘arbni asosiy dushman deb ko‘rishi, AQSh tashqi siyosati sovetlarga nisbatan «tiyib turish» mexanizmidan foydalanishi kerakligi haqida yozadi. Ayrim mutaxassislar ushbu hujjat «Sovuq urush»ning boshlanishida katta ahamiyatga ega bo‘lganligini aytadi. «Gazeta.uz» ushbu tarixiy hujjatdan asosiy va qiziqarli fikrlarni keltiradi.

Sovet Ittifoqini tushunish harakatlari

1944 yil iyul oyidagi Bretton-Vudsda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Sovet Ittifoqining tashqi savdo vaziri Mixail Stepanov bunday tuzilmalarni yaratish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan bo‘lsa-da, bundan ko‘p vaqt o‘tmay rasmiy Moskva ushbu tashkilotlarga qo‘shilmaslikka qaror qiladi. AQSh Moliya vazirligi Sovet Ittifoqidagi amerikalik diplomatlarga Kreml rasmiylari Xalqaro valyuta fondiga (XVF) kirish va Jahon banki g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashdan nega bosh tortganini tushuntirib berishlarini so‘rab, murojaat qilgan.

Bu payida AQShning Moskvadagi elchisi Uilyam Garriman vakolatxonada bo‘lmaydi. Uning vazifalarini vaqtincha elchi maslahatchisi Jorj Kennan bajarib turar edi. U elchi maslahatchisi sifatida doimiy ravishda o‘zi ishlayotgan mamlakat rahbariyati bilan qanday munosabatda bo‘lish bo‘yicha tavsiyalarni tayyorlab borardi. Bunday tavsiyalar allaqachon katta hisobotga to‘planib qolgan edi. Fursatdan foydalanib, Kennan ushbu tavsiyalarini Vashingtonga maxfiy telegramma sifatida jo‘natadi.

1946 yil 22 fevral kuni AQShga jo‘natilgan Kennan telegrammasi tarixga «Uzun telegramma» nomi bilan kiradi, chunki uning hisoboti odatiy telegrammalar hajmidan ancha kattaroq edi.

Kuch mantig‘i

Kennanning Sovet Ittifoqi to‘g‘risidagi asosiy tavsifi quyidagicha edi: «[Mamlakat] hanuzgacha antagonistik „kapitalistik qamalda“ yashaydi, ular bilan uzoq muddat doimiy tinch-totuv yashash mumkin emas deb biladi».

Gitler Germaniyasidan farqli o‘laroq, Sovet Ittifoqi avantyurizmga berilmaydi, ular oldindan belgilangan rejalar bilan ish tutmaydi, keraksiz risklarga bormaydi, deya ta’kidlagan Kennan.

«[Sovetlar] aql mantig‘ini tushunishmaydi va kuch mantig‘ini juda yaxshi sezishadi. Shu sababli har qanday holatda kuchli qarshilik ko‘rsatilgan taqdirda ular osonlikcha ortga qaytishi mumkin, va odatda shunday ham bo‘ladi. Demak, agar raqib yetarlicha kuchga ega bo‘lsa va uni ishlatishga tayyorligini aniq ko‘rsatsa, kamdan-kam holatlarda bunday qilishiga to‘g‘ri keladi», — deyiladi telegrammada.

Partiya rus xalqining asl qarashlarini aks ettirmaydi

Kennan Kommunistik partiya va NKVD Sovet Ittifoqi aholisi hayotining barcha sohalarini to‘liq nazorat qilishini ta’kidlaydi.

Biroq, diplomatning ta’kidlashicha: «Bu rus xalqining asl qarashlarini aks ettirmaydi. Oddiy odamlar tashqi dunyoga do‘stona munosabatda, u bilan tanishishni, o‘zlarining iste’dodlarini ularniki bilan solishtirishni xohlashadi. Partiya liniyasi esa rasmiy propaganda mohirlik bilan va tinimsiz ilgari suradigan tezislarni taqdim qiladi, bu tezislar esa ko‘pincha odamlarning ichki qarashlariga zid bo‘ladi. Ammo partiya liniyasi hokimiyatdagilarning — partiya, maxfiy politsiya va Hukumat — dunyoqarashi va ish tutishini tavsiflaydi, va aynan shular bilan biz ish olib boramiz».

Hattoki Stalin ham tashqi dunyo haqida obyektiv ma’lumot olmaydi

«Sovet partiyasi liniyasi Rossiya chegaralaridan tashqaridagi vaziyatning hech qanday obyektiv tahliliga asoslanmaydi, ya’ni Rossiyadan tashqaridagi sharoitlarni inobatga olmaydi, asosan urushdan oldin va hozir ham mavjud bo‘lgan Rossiyaning bazaviy ichki ehtiyojlaridan kelib chiqadi», — deyiladi hujjatda.

AQSh diplomati Sovet Ittifoqi rahbariyati tashqi dunyo haqida haqqoniy ma’lumotga ega emas deb o‘ylashini yana bir bor ta’kidlaydi.

«Ularning ko‘pchiligi tashqi dunyoga e’tibor berishmaydi va o‘zlarini gipnozlash holatidadirlar, va ular ishonish qulay va o‘zlariga taskin beruvchi deb bilgan narsalariga o‘zlarini ishontirishga qiynalmaydilar. Oxir-oqibat, bunday keng zaminda tashqi dunyo haqida aniq va xolis ma’lumot oladigan kishining bor yoki yo‘qligi — yechilmagan jumboqdir», — deydi Kennan.

«Hukumatga singib ketgan sharqona maxfiylik va fitna muhitida ma’lumotlar manbalarini va oqimlarini buzib ko‘rsatish yoki zaharlash imkoniyatlari cheksizdir. Ruslarning obyektiv haqiqatni hurmat qilmasliklari, hatto uning mavjudligiga ishonmasliklari — barcha taqdim etilgan faktlarni qandaydir yashirin maqsadlar uchun vosita sifatida qabul qilishlariga olib keladi».

«Bu hukumat — fitna ichidagi fitna deb gumon qilishga yaxshi sabablar mavjud, va men Stalinning o‘zi ham tashqi dunyo haqida obyektiv ma’lumot olishiga ishonishdan yiroqman», — deydi diplomat.

Jorj Kennan telegrammada Sovet propagandasi haqida ham fikr bildirgan.

«Sovet xavfsizligidan tashqari barcha Sovet propagandasi negativ va destruktiv ruhda. Shu sababli aqlli va haqiqatda konstruktiv har qanday dastur bilan unga qarshi kurashish nisbatan oson bo‘lishi kerak».

Amerika boshqa mamlakatlarga dunyoning ijobiy va konstruktiv suratini taqdim etishi kerak

Sovet Ittifoqi bilan ishlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarida AQSh diplomati eng avvalo: «yaxshi tabib aqldan ozgan bemorni ko‘zdan kechirgani» kabi Rossiyani xolis o‘rganish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Amerika jamoatchiligi bu mamlakatdagi haqiqiy vaziyatdan xabardor bo‘lishi kerakligi aytilgan.

«Jahon kommunizmi kasal to‘qimalar bilan oziqlanadigan xavfli parazitga o‘xshaydi. Shuning uchun AQSh rahbariyati o‘z xalqining salomatligi haqida o‘ylashga majburdir va bu, birinchi navbatda, amerikaliklarning o‘zini o‘zi anglashi, tartib-intizom va birlik ruhidir. Boshqa mamlakatlarga Amerika dunyoning ijobiy va konstruktiv suratini taqdim etishi kerak. Va bu boradagi minimal yutuq ham Moskva ustidan diplomatik g‘alaba bo‘lardi», — deya ta’kidlaydi Kennan.

Diplomatning telegrammasi darhol prezident Trumenning stoliga kelib tushadi, u bir necha oy davomida muhokama qilinadi. Uning telegrammasi asosida 1947 yil mart oyida Trumen Kongressda nutq so‘zladi va Sovet Ittifoqiga nisbatan «tiyib turish» tizimi ishlatilishini ma’lum qildi.