O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni «Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo‘jaliklar negizida tashkil qilinadi va tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz va uning hududiy filiallarida situatsion muvofiqlashtiruvchi bo‘limlar tashkil etilib, tuman (shahar) va hududlardagi tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini tahlillar asosida boshqaradi va takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

2023 yil 1 sentabrga qadar Toshkent shahri tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi to‘liq joriy qilinadi.

1 dekabrga qadar Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari, 2023 yil 1 sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)laridagi dispetcherlik xizmatlari tugatiladi.

Toshkent shahri tajribasi asosida Markazning hududiy filiallarida — yagona Call-markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularga chaqiruvlarni qabul qiluvchi xodimlar bilan birga shifokor xodimlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati tashkil etiladi.

Qolaversa, saralash orqali bemor ahvoli, kasallik turi va og‘irlik darajasiga qarab chaqiruvlarga tegishli tibbiy brigadalarni yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, tez tibbiy yordamning tuman (shahar) yoki hudud chegarasidan qat’i nazar — bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab tibbiy brigada yo‘naltiriladi. Markaziy tuman (shahar) shifoxonalari qabulxonalarini shoshilinch xizmat ko‘rsatishga va yuqori texnologik tibbiy jihozlarni o‘rnatishga moslashtiriladi.

Tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga radioaloqa vositalari va GPS-trekerlar o‘rnatiladi, tez tibbiy yordam brigadalarini planshetlar bilan ta’minlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kadastr agentligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar 10 mingta ko‘chaga nom berish ishlarini yakunlash vazifasi topshirildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tez tibbiy yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 85 milliard so‘m miqdordagi mablag‘larni SSV huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiradi. Qolaversa, SSVning Jahon banki shoshilinch xizmatlarni rivojlantirish loyihasi doirasida 5 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar tez va shoshilinch tibbiy yordamni raqamlashtirish tadbirlariga yo‘naltiriladi.

SSVga 2022 yil yakuniga qadar mavjud o‘rinlar va shtat birliklari doirasida markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlaridagi o‘rinlari pediatriya, terapiya va xirurgiya bo‘limlari tarkibiga o‘tkazilib, bemorlarni kasallikning og‘irlik darajasi bo‘yicha saralaydigan (triaj) tunu-kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limlarini tashkil etadi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari hamda barcha tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida shoshilinch qabul bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 1-son, Yashnobod tumanidagi 4-son, Yunusobod tumanidagi 7-son shahar klinik shifoxonalari hamda Uchtepa tumanidagi Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi tarkibida alohida yuridik maqomga ega bo‘lmagan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil qilinadi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ularning hududiy filiallari hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmatlarni pullik asosda tashkil etishga ruxsat berildi.

Yangi tashkil etilayotgan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini jihozlash uchun Jahon bankining «O‘zbekistonda COVID-19 koronavirusi infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha shoshilinch choralarni ko‘rish» loyihasi doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar yo‘naltiriladi.