14 iyun kuni prezident «Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan ustav kapitalida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarida va davlat unitar korxonalarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi quyidagi 8 ta indikator asosida baholab boriladi:

  • davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati;
  • ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida e’lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi;
  • budjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga oid ma’lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;
  • Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar joylashtirilishi;
  • ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;
  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;
  • jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi.

Farmonga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yil yakuni bo‘yicha Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksi shakllantiriladi va «eanticor.uz» elektron platformasi va OAV orqali ochiq e’lon qilib boriladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik darajasi «0» balldan «100» ballgacha reytingda baholanib, quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • 71 balldan 100 ballgacha — «yashil»
  • 55 balldan 71 ballgacha — «sariq»
  • 55 balldan past — «qizil»

Ochiqlik darajasi eng yuqori deb topilgan davlat organi yoki tashkilotining sohaga mas’ul xodimlarini rag‘batlantirish, aksincha, salbiy bo‘lganlarini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi hal etiladi.

Agentlikka davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida quyidagi qo‘shimcha huquqlar berildi:

  • davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ochiqlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish e’lon qilish;
  • ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish;
  • rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida e’lon qilingan ochiq ma’lumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida so‘rovnoma yuborish.

Hujjatda belgilanishicha, 2022 yil 1 avgustdan boshlab davlat budjeti hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha ma’lumotlar tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarda e’lon qilib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining 27-yalpi majlisida davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ma’qullangandi.

Unga ko‘ra, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 215−7-moddasiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaganlik yoki to‘liq e’lon qilmaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3−5 baravarigacha (900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishni nazarda tutadi.

Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladigan ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlar ro‘yxati, e’lon qilish shartlari va tartibiga rioya qilmaslik yoki ma’lumotlarni buzish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bu BHMning 5−10 baravarigacha (1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha) jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bunday huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborishi mumkin.

Senat raisi Tanzila Narbayeva buni davlat idoralarining jamiyat uchun ochiqligi va shaffofligi yo‘lidagi «yana bir muhim qadam» deb atadi.

Iyun oyidan boshlab davlat organlari o‘z faoliyati, jumladan, xaridlar, xizmat safarlari, xizmat avtomashinalari va uy-joylar bo‘yicha 33 turdagi ochiq ma’lumotlar to‘plamini e’lon qilib borishi shart.