Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida yangi vazir o‘rinbosari lavozimi va departament tashkil etildi. Bu haqda prezident shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Davlat rahbari ta’limda yaratilayotgan yangi tizimga ko‘ra, 45 ta kollej Bandlik vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etilishini qayd etdi.

Shunga ko‘ra, Oliy ta’lim vazirligi barcha kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish hamda metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Vazir o‘rinbosari lavozimiga esa yetarli tajribaga ega bo‘lgan, Buxoro shahar monomarkaz rahbari Sadoqat Siddiqova tayinlandi, deyiladi xabarda.

Sadoqat Siddiqova. Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Bugungi kunda oliy ta’lim tizimidagi katta islohotlar o‘z natijasini berishni boshladi. Joriy yilda 36 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Endi professional ta’lim tizimini tubdan isloh qilish — oliy ta’lim vaziri, uning o‘rinbosarlari, rektorlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak», — dedi prezident.

Buning uchun Professional ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Qolaversa, viloyat, tuman va shaharlarda Kasb-hunar ta’limi kengashlari tashkil etiladi.