Toshkent viloyati Bekobod shahridagi «Kazarma» soddalashtirilgan o‘tish punkti orqali ko‘p miqdordagi valyuta qimmatliklarini qo‘shni davlatga noqonuniy olib chiqib ketishga uringan 2 nafar fuqaro ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtda Bekobod shahrida yashovchi (1980 y.t.) ayolning yonida 166 ming dollar borligi aniqlandi. Uning sherigi (1994 y.t.) ayolning yonida esa 190 ming dollar, jami 356 ming dollar mavjudligi aniqlandi. Mazkur pullar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta’kidlanishicha, ular tojikistonlik Mahmud ismli shaxsning iltimosiga ko‘ra xorijiy valyutani Bekobod shahrida noma’lum shaxslardan olib, o‘z kiyimlariga yashirgan holda, ma’lum bir xizmat haqi evaziga Tojikiston Respublikasiga olib chiqib ketayotgan bo‘lishgan.

Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qolaversa, ish doirasida ushbu valyuta qimmatliklarining haqiqiy egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.