Hukumatning 10 iyundagi [327-sonli] qarori bilan uzum ko‘chatlarini shpalerga (yog‘och va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) ko‘tarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu xasda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga asosan, xo‘raki va kishmishbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga Bog‘dorchilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan subsidiya beriladi. Sanoatbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga esa subsidiya Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Subsidiya tokzorlarda uzum ko‘chatlarini ko‘tarish maqsadida shpalerni o‘rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so‘ng faqat bir marotaba, bir dona shpaler uchun 15 ming so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorini qoplash uchun ajratiladi.

Talabgor subsidiya olish uchun shpalerni o‘rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so‘ng xulosa olish uchun tuman ishchi guruhiga arizani yozma yoki elektron shaklda yuborishi kerak. O‘rganish natijasi yuzasidan 1 kunda ijobiy yoki salbiy xulosa beriladi.

Tegishli agentliklar tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlari bilan birgalikda 5 yil mobaynida shartnomada ko‘rsatilgan parametrlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi. Nazoratchilar berilgan subsidiyadan maqsadli foydalanilmayotgani yoki yaroqsiz holdaligini aniqlasa, ularni videokameraga orqali yozib olib, 2 kun muddatda tuman ishchi guruhiga taqdim qilishi mumkin.

Xabar o‘z tasdig‘ini topsa, bu haqda xabar qilgan nazoratchi tegishli agentlik tomonidan rag‘batlantiriladi. Rag‘batlantirish talabgordan undirilgan subsidiyaning 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bunda har bir vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi, biroq 300 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda pul to‘lanadi.