So‘nggi yillarda dunyoni jiddiy inqiroz holatiga tushirib qo‘yishga qodir voqealar, hodisalar ko‘p sodir bo‘lmoqda. Avvalo COVID-19 pandemiyasi jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy sinov bo‘lgan bo‘lsa, iqtisodiyot endi barqarorlashayotgan bir vaziyatda Rossiya Ukraina hududida urush harakatlarini boshlab yubordi, natijada, Yevropa va AQShning Rossiyaga nisbatan sanksiyalari hamda Rossiyaning ularga qarshi choralari jahon bo‘ylab o‘zaro oziq-ovqat savdosi zanjirini uzib qo‘ydi. Inqiroz boshlandimi? Bunga faqat urush sabab bo‘ldimi? Vaziyat qaysi tomonga qarab rivojlanishi mumkin? Bu boradagi vaziyat qanday ssenariyga asosan va qachon yaxshilanishi mumkin? «Gazeta.uz» ushbu maqolada bu boradagi xalqaro ekspertlar va nashrlarning turli tahlillari va fikrlarini sizning e’tiboringizga havola etadi.

Nega oziq-ovqat inqirozi yuzaga keldi?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu inqiroz ko‘plab mojarolar, ob-havo o‘zgarishi va iqtisodiy hisob-kitoblardagi xatoliklar natijasida ancha vaqtdan beri yetilib kelayotgandi. Xususan, Yanvar oyi oxirida The Times gaz narxining ko‘tarilishi dunyo bo‘ylab ocharchilik keltirib chiqarishi mumkinligi haqida yozgan edi. Maqolada Rossiyaning gazdan ta’sir o‘tkazish uchun vosita sifatida foydalanayotgani aytilgan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv esa ushbu jarayonni tezlashtirib, vaziyatni yanada murakkablashtirdi — Ukrainadagi don mahsulotlarini eksport qiluvchi portlar Rossiya qurolli kuchlari tomonidan bloklandi, Rossiyaning o‘zi esa o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan bosh tortdi. Ushbu mamlakatlardan amalga oshiriladigan oziq-ovqat va o‘g‘it mahsulotlarining ta’minotisiz hozirgi muammoni hal qilishning esa imkoni yo‘q.

Rossiya dunyodagi eng yirik bug‘doy eksport qiluvchi mamlakat, Ukraina esa bu borada beshinchi o‘rinda turadi. Rossiya va Ukrainaning jahon bug‘doy eksporti bo‘yicha ulushi deyarli 30% ni tashkil qiladi. Ukrainaning blokada qilinishi bug‘doyning jahon bozoridagi narxini 53% ga (yil boshidan buyon) oshirib yubordi. Hindiston kuchli qurg‘oqchilik tufayli eksportni to‘xtatganini e’lon qilganidan keyin esa narx yana 6% ga ko‘tarildi.

Ushbu mamlakatlar nafaqat bug‘doy, balki arpa (Rossiya va Ukraina jahon arpa eksportining 29% ini tashkil qilishadi), makkajo‘xori (15%) va kungaboqar yog‘i (75%) bo‘yicha ham jahon eksportining asosiy ulushini tashkil qilishadi.

Hali Rossiya tomonidan qurolli harakatlarning boshlanishidan oldin Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari 2022 yilda kuzatilishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar haqida ogohlantirgan edi. Yirik bug‘doy ishlab chiqaruvchi mamlakat — Xitoy, o‘tgan yili suv toshqini tufayli ekishning kechiktirilgani va bu yilgi hosil tarixdagi eng yomoni bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan. Yana bir yirik bug‘doy yetishtiruvchi mamlakat — Hindistonda kuzatilgan qurg‘oqchilikdan tashqari, Amerika hududlaridagi yog‘ingarchilikning kam kuzatilayotganligi g‘alla hosildorligini pasaytirib qo‘ymoqda. «So‘nggi 40 yildagi eng dahshatli qurg‘oqchilik Somaliga ham ta’sir qildi. Global isish davriga xush kelibsiz», — deb yozadi The Economist.

Hozir vaziyat qanday?

«Urushgacha Ukraina bug‘doy va makkajo‘xori eksporti o‘sayotgan, Rossiyaniki esa pasayib borayotgan edi. Ammo so‘nggi paytlarda, ko‘rishimiz mumkinki, Rossiya eksporti birdan ko‘paya boshladi», — deydi AgFlow agrar bozorlarni tahlil qilish tashkiloti direktori Nabil Mseddi. Uning aytishicha, Ukraina eksport hajmining pasayishi Rossiyaning g‘alabasidir.

Rossiya va Ukraina umumiy eksport hamkorlariga ega (ayniqsa Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda). Oziq-ovqat tanqisligi muammosiga duch kelgach, ushbu mamlakatlarning ko‘pchiligi hozirda o‘z zaxiralarini to‘ldirish maqsadida Rossiyadan yordam so‘rab murojaat qilishmoqda. The Times’ning yozishicha, Misr, Eron va Turkiya hozirgi kunda Rossiyaning eng yirik haridorlariga aylanmoqda va Rossiyaning ushbu mamlakatlarga eksport hajmi 500%, 481% va 381% ga oshgan.

«Rossiya hukumati o‘z g‘aznasini boyitayotgan bir paytda, BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 50 mln inson ochlik xavfi ostida qolmoqda», — deb yozadi The Times. Yevrokopo Komissiyasi rahbari Ursula fon del Lyayenning ta’kidlashicha, Rossiya «ochlik va don mahsulotlarini o‘z kuchini ko‘rsatish uchun vosita sifatida qo‘llamoqda».

Oziq-ovqat mahsulotlari va quvvat manbai (gaz, elektr) bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Afsuski ikkala tomondan ham o‘z ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakatlar juda og‘ir vaziyatda qolmoqda. Mart oyida, oldin pandemiya, keyin esa Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolar sababli kelib chiqqan inqirozdan zarar ko‘rgan Shri-Lankada iqtisodiy inqiroz avjiga chiqdi. Ta’minot tanqisligi, narxlarning keskin oshishi, energiya ta’minoti yetishmovchiligi va mahalliy valyutaning devalvatsiyasi mamlakatda bir qator noroziliklarga sabab bo‘ldi va Shri-Lanka prezidenti ikki marta: aprel va may oyida favqulodda vaziyat e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Afrikada va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham vaziyat optimistik emas.

The Economist tomonidan e’lon qilingan maqolada yozilishicha, hozirda shundoq ham dunyoda deyarli 250 mln inson ochlik ostonasida turibdi va agar mojarolar to‘xtatilib, oziq-ovqat ta’minoti tiklanmasa, yana yuzlab million aholi qashshoqlik chegarasida qolib ketishi mumkin. Ta’kidlanishicha, bugungi kunda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori narxi sababli to‘yib ovqatlanmayotganlar soni 440 mln dan 1,6 mlrd ga oshgan.

The Economist’ga ko‘ra, Ukrainaning oziq-ovqat eksporti 400 mln kishini oziq-ovqat bilan ta’minlab kelgan, biroq Ukraina o‘z suv havzalarini minalagani va Rossiya Odessa portini blokada qilgani sababli eksport to‘xtab qolgan. Ukrainadagi don mahsulotlarini saqlash omborlari (urush oqibatida zarar ko‘rmaganlari) arpa va makkajo‘xori kabi mahsulotlarga to‘la, fermerlarda esa navbatdagi, iyun oyining oxirida bo‘lishi kutilayotgan hosilni saqlash uchun joy qolmagan, demak mahsulotlar chirib qolishi mumkin. Keyingi ekish ishlari uchun esa mamlakatda resurslar ham, ishchi kuchi yetmaydi. Rossiya esa, o‘z navbatida, shu paytgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan sotib olib kelingan, ammo hozirda eksporti to‘xtab qolgan urug‘lar va pestitsidlar taqchilligiga duch kelishi mumkin.

Eng yomoni, o‘g‘it va energiya narxining ko‘tarilishi foyda olish ko‘rsatkichlarini tushirib yubormoqda. Sanksiyalar va tabiiy gaz uchun raqobat ikkala bozorni ham izdan chiqardi. Agar fermerlar o‘g‘it iste’molini kamaytirsa, dunyo ekinlarining hosildorligi biz uchun eng zarur bir vaqtda qulaydi.

«Sarosimaga tushgan siyosatchilarning bu voqealarga munosabati vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkin. Mojaro boshlanganidan beri Qozog‘istondan Quvaytgacha bo‘lgan 23 davlat oziq-ovqat eksportiga qattiq cheklovlar qo‘yganini e’lon qildi. O‘g‘itlar eksportining 1/5 qismidan ko‘prog‘i cheklangan. Savdo to‘xtasa, ocharchilik boshlanadi», — deb yozadi The Economist.

«O‘zaro ayblovlar o‘yini uchun barcha ssenariylar tayyor: G‘arb Putinni maxsus operatsiya uchun qoralamoqda, Rossiya esa G‘arb sanksiyalarini qoralamoqda. Darhaqiqat, muammolarning aksariyati ikkinchi tomon harakatlarining natijasida yuzaga keldi va sanksiyalar esa ularni yanada kuchaytirdi. Harakatsizlikni oqlash uchun ajoyib dalil. Bu orada esa ko‘pchilik och qoladi, ba’zilari esa halok bo‘ladi», — deyilgan The Economist maqolasida.

Dunyoni nimalar kutmoqda? Vaziyat yaxshilanishi mumkinmi?

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 18 may kuni yaqin oylarda kutilayotgan «global oziq-ovqat tanqisligi» tahdidi haqida ogohlantirdi va bu holat yillab davom etishi mumkinligini aytdi.

The Economist nashrining yozishicha, bunday vaziyatda kambag‘allar ko‘proq aziyat chekadi. «Rivojlanayotgan mamlakatlarda oilalar o‘z budjetining 25% ini oziq-ovqatga, Afrikaning Sahroi Kabirdan janubroqda joylashgan mamlakatlarida esa 40% ini sarflaydi. Misrda non ovqatlanish ratsionining 30% ini tashkil qiladi. Ko‘pgina import qiluvchi mamlakatlar hukumatlari kambag‘allarga qo‘shimcha subsidiyalar ajratishga qodir emas. Ayniqsa agar ular energiyani ham import qilishsa, vaziyat bundan ham og‘irroq bo‘lishi mumkin — chunki hozir bu bozor ham notinch».

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, Rossiya bu yil don mahsulotlari hosili bo‘yicha yuqori natijaga erishishi kutilayotgan yagona mamlakat bo‘lishi mumkin. Osiyoning bir qator mamlakatlari, shuningdek, Jazoir, Iroq, Marokash, Suriyada kuzatilgan qurg‘oqchilik sababli bu yil hosildorlik kam bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Braziliyada ham, Kanada, AQSh va Fransiya kabi yirik agrar mamlakatlarda ham ob-havoning injiqliklari sabab ekinlarga zarar yetgan.

Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, «agar bu yil gap oziq-ovqat mahsulotlariga yo‘l ochish (Ukrainadagi mahsulotlar nazarda tutilmoqda) haqida borsa, keyingi yil oziq-ovqatning yetishmasligi haqida boradi, va bu butun dunyo bo‘ylab 1,6 mlrd insonni qamrab oladi». BMT Bosh kotibi Ukraina don mahsulotlarini tashish rejasini ishlab chiqishga chaqirdi.

Vaziyat o‘nglanishi uchun hukumatlar birgalikda harakat qilishlari kerak va birinchi navbatda ishni bozorlar ochiqligini ta’minlashdan boshlash kerak bo‘ladi. «Dunyodagi palma yog‘i eksportining 60% ini ta’minlaydigan Indoneziya may oyi oxirida eksport bo‘yicha vaqtinchalik taqiqni olib tashladi. Yevropa Ukrainaga temir yo‘l va avtomobil yo‘llari orqali Ruminiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari portlariga don jo‘natishda yordam berishi kerak, garchi eng optimistik prognozlarga ko‘ra, hosilning atigi 20 foizini shu tarzda eksport qilish mumkin. G‘allani favqulodda faqat eng kambag‘allarga yetkazib berish kerak», — deb yozadi The Economist.

Qora dengiz blokadasini to‘htatish ham vaziyatni tezda yengillashtirishi mumkin. Ukrainada qariyb 25 mln tonna makkajo‘xori va bug‘doy saqlanib qolgan, bu esa dunyoning barcha iqtisodi eng kam rivojlangan davlatlarning jami yillik iste’moliga tengdir. Bu yerda uchta davlatning sa’y-harakatlari kerak: Rossiya Ukraina kemalariga ruxsat berishi kerak, Ukraina Odessa yaqinidagi hududni minalardan tozalashi va Turkiya esa eskort kemalarining Bosfor bo‘g‘ozi orqali o‘tishiga ruxsat berishi kerak.

«Bunga erishish oson bo‘lmaydi. Rossiya harbiy harakatlar orqali Ukraina iqtisodiyotini bo‘g‘ishga urinmoqda, Ukraina esa o‘z minalarini zararsizlantirishni istamayapti. Tomonlarni o‘z pozitsiyalarini yumshatishga ko‘ndirish mojaroga aralashmaslikni tanlagan davlatlar, jumladan Hindiston va Xitoyning vazifasidir. Beqarorlik davrida dunyoni oziqlantirish har kimning va hammaning vazifasidir», — deya xulosalaydi The Economist.