Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo kubogi-2023 saralash turnirining uchinchi bosqichini g‘alaba bilan boshladi. 8 iyun kuni Namangandagi «Markaziy» stadionida bo‘lib o‘tgan Shri-Lankaga qarshi bahs 3:0 hisobida yakunlandi.

O‘yinning 36-daqiqasida yarim himoyachi Jaloliddin Masharipov jarima zarbasini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. 48-daqiqada ikkinchi gol ham jarima zarbasidan urildi — yarim himoyachi Dostonbek Hamdamov uni aniq amalga oshirib, hisobni ikkitaga oshirdi.

Qanot himoyachisi Farruh Sayfiyev 60-daqiqada hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. O‘zbekistonlik futbolchilarning raqib jarima maydoni ichida darvozaga 3 marta ketma-ket urinishlaridan so‘ng futbolchi kuchli zarba bilan bahsga nuqta qo‘ydi.

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets o‘yin uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildirdi.

«Avvalo shogirdlarimga rahmat aytaman. Chunki bugun ular o‘z jarima maydonchasi ichida himoyalangan jamoaga qarshi gol urish uchun maksimal darajada imkoniyat qidirishdi. Har xil uslubda hujumlar tashkil etib, raqib himoyasini yorib kirishga harakat qilishdi. Uchrashuvdagi qiyin vaziyatlarda standartlar orqali maqsadiga yetishishdi. Faqat himoyalanadigan jamoalarga qarshi o‘ynash har doim qiyin hisoblanadi. Men hamisha o‘yinning oxiriga qadar xotirjamlikka berilib bo‘lmasligini ta’kidlab kelaman. Oldimizda yana 2 ta muhim uchrashuvlar bor. Ularga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, natijamizni yaxshilab borishga harakat qilamiz», — dedi u.

O‘zbekiston 11 iyun kuni soat 20:30da Maldiv orollari bilan, 14 iyun kuni soat 20:30da Tailand bilan bahs olib boradi.

Guruh g‘oliblari va o‘z guruhlarida ikkinchi o‘rinni egallagan beshta eng yaxshi jamoalar Osiyo kubogi-2023 final bosqichiga yo‘l oladi.

Video

Foto