9 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisidaning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada rivojlantirish va kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida o‘zaro savdo hajmi ortib borayotgani — joriy yil boshidan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari ikki barobarga oshgani ta’kidlandi.

«Yaponiya yetakchi kompaniyalarining iqtisodiyotimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari ko‘paymoqda, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarida ko‘plab yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda. Energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, sanoatda, shu jumladan mashinasozlik va kimyo tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratish, mehmonxonalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Poytaxtda Yaponiyaning birinchi raqamli universiteti faoliyat yuritmoqda», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari Yaponiya bosh vaziri va hukumatiga yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Yaponiyaning JICA agentligi va Xalqaro hamkorlik banki — JABIC doirasida ko‘rsatilgan moliyaviy va moliyaviy-texnik ko‘mak hajmi 7 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi.

Mamlakat yetakchilari Osaka shahrida o‘tkaziladigan «EKSPO-2025» butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekistonning keng miqyosli ekspozitsiyasini tashkil etishga kelishib oldilar.

Yaponiya bosh vaziri mamlakat BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy a’zo bo‘lishi, Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va o‘g‘irlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalalarida O‘zbekiston muttasil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Telefondagi suhbatda «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning butun salohiyatini ishga solishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Muloqot yakunida Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Fumio Kisidani O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.