Pop tumani va Marg‘ilon shahrida MCHJ va xususiy korxona aholiga ajratilgan un mahsulotini sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv vaqtida aniqlandi.

Pop tumanidagi holatda «P.Z.» MCHJ rahbari S.X. aholi iste’moli uchun ajratilgan 54,9 tonna 1-navli un mahsulotini boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Marg‘ilon shahridagi holatda esa «A.U.» XK rahbari A.A. hamda «A.R.» va «T.M.» XKlarining norasmiy rahbari M.O.lar uzoq va chekka hududda istiqomat qilayotgan aholi uchun ajratilgan 10,1 tonna un mahsulotini Marg‘ilon shahri hududida boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.A., M.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.