O‘zbekiston prezidenti 6 iyun kuni «Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni prezident saytida e’lon qilindi.

Qaror bilan Paralimpiyachilarning matonat maktabi tashkil etilmoqda.

Matonat maktabi O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil qilinadi. O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Matonat maktabiga rahbarlik qiladi.

Matonat maktabi Toshkent shahri, Beshyog‘och ko‘chasi, 126-uy manzilida joylashgan Boks federatsiyasi binosida joylashtiriladi.

Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasida (metroga yaqin hududda) joylashgan piyodalar yurish va dam olish maskanida Paralimpiyachilar bog‘i tashkil etiladi. Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan bekatlaridan biriga «Paralimpiya harakati» nomi beriladi. Matonat maktabi bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini dunyo mamlakatlariga targ‘ib etish maqsadida 2023 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Toshkent shahrida «Paralimpiyachilar matonati» xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Quyidagilar Matonat maktabining asosiy vazifalari etib belgilandi:

a) yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish sohasida:

  • ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallarda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etib, paralimpiyachilarning o‘z hayot yo‘llarida qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganliklari haqida suhbatlar o‘tkazish;
  • jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlarda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari shaxs sifatlarini, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘maklashish;
  • jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar ijtimoiy hayotining turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlariga taklif va tavsiyalar kiritish;
  • ona Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bog‘liq eng muhim tushunchalar, hayotiy va professional ko‘nikmalarni ilm-ma’rifat asosida yoshlarning qalbi va ongiga singdirib borish;
  • yoshlarga yuqori natijalarga erishgan shaxslarni o‘rnak qilib ko‘rsatish orqali ularni matonatli etib tarbiyalash, shu maqsadda ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob, kitobxonlik kechalari, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tashkil etish;
  • yoshlarda qadimiy tariximiz va madaniyatimiz bilan, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirishga ko‘maklashish;

b) yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasida:

  • o‘sib kelayotgan yosh avlodni paralimpiya sport turlariga jalb etish, ularni «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» g‘oyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida maxsus ta’lim muassasalarida hamda mahallalarda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini o‘tkazishda qatnashish;
  • iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni parasport turlariga yo‘naltirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish;
  • yoshlarning xalqaro parasport tadbirlari va musobaqalari, forum va konferensiyalardagi ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashish.

Matonat maktabi faoliyatini moliyalashtirish manbalari bo‘lib Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

Matonat maktabining tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga qo‘shimcha 2 ta shtat birligi ajratiladi.

Matonat maktabiga hududlarga borib kelish va tadbirlarda ishtirok etish uchun 1 ta yengil avtomobil, 1 ta avtobusni xarid qilish uchun mablag‘lar va ularni saqlash uchun limit ajratiladi.

Matonat maktabining yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish sohasidagi faoliyati Mudofaa vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Matonat maktabining yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasidagi faoliyati Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Har yili 1 dekabrga qadar Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tarkibiga kiritilgan vazirlik, idora, hokimliklar va jamoat tashkilotlari tegishli namuna bo‘yicha ishlab chiqilgan kelgusi yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga taqdim etadi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi Mudofaa vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda chora-tadbirlar rejalarini Matonat maktabining asosiy vazifalari, mazkur qarorning 5-bandida ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarni hisobga olgan holda umumlashtiradi hamda kompleks reja loyihasini tayyorlaydi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi har yili 20 dekabrga qadar kompleks reja loyihasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun, shuningdek, qabul qilingan kompleks rejaning ijrosi bo‘yicha yig‘ma axborotni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Respublika kengashi (unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi):

  • vazirliklar, idoralar, hokimliklar va boshqa tashkilotlarning mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi haqidagi hisobotlarini eshitadi;
  • Kengash yig‘ilishida kompleks reja loyihasini ko‘rib chiqadi va har yili 1 fevralga qadar tasdiqlaydi;
  • Matonat maktabi faoliyatini samarali tashkil etishda barcha vazirlik, idora, hokimlik va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;

Mudofaa vazirligi quyidagilarni amalga oshiradi:

  • yoshlarning, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini, milliy armiyamiz bilan faxrlanish, davlat xavfsizligini himoya qilish uchun mas’uliyat tuyg‘usini chuqur singdirish;
  • yoshlarga mamlakatimizning mudofaa salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyatini tizimli ravishda yetkazish hamda dunyoda sodir bo‘layotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan ularda ongli munosabat va faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, burchga sadoqat, mas’uliyat, fidoyilikni oshirish;
  • yoshlarning, shu jumladan, paralimpiyachilarning harbiy qismlarga ekskursiyalar va ko‘rgazmali tashriflarini tashkil etish;
  • Vatan ozodligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targ‘ib etish asosida yoshlarda «Yangi O‘zbekiston — yangi g‘alabalar sari» degan hayotiy e’tiqodni qaror toptirish.

Milliy gvardiya quyidagilarni amalga oshiradi:

  • terrorizmga qarshi kurashishda hamda terrorchilik harakatlarining oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etib, mardonavor halok bo‘lgan askarlarning ibratli hayotini keng targ‘ib etish;
  • yoshlarning, shu jumladan, paralimpiyachilarning Temurbeklar maktablari, oliy harbiy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning maxsus guruhlari va harbiy qismlarga ekskursiyalar va ko‘rgazmali tashriflarini tashkil etish;
  • «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ular erishgan yutuq va natijalarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
  • «Temurbek vorislari» harbiy-sport o‘yinlarini bosqichma-bosqich tashkil etish, ularga jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jalb qilish;

Kinematografiya agentligi quyidagilarni amalga oshiradi:

  • yoshlarga mo‘ljallangan badiiy, multiplikatsion va qisqa metrajli filmlar ishlab chiqarilishini kengaytirish;
  • yoshlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ilmiy va ijtimoiy islohotlardagi ishtirokini aks ettiradigan va daxldorlik tuyg‘usini shakllantiradigan turli janr va mavzularda filmlar yaratish;
  • yoshlarning sportga kirib kelishidan boshlab ularning yuqori natijalarga erishish yo‘li, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va bugungi kundagi hayoti to‘g‘risida qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar, videoroliklar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlash;
  • yoshlar hayoti, ularning orzu-intilishlari, o‘y-havaslarini ifodalovchi filmlar ishlab chiqarilishini tashkil etish;
  • tayyorlangan filmlarni yoshlar orasida keng targ‘ib va tashviq qilish choralarini ko‘rish;

Yoshlar ishlari agentligi quyidagilarni amalga oshiradi:

  • yoshlarda, xususan uyushmagan yoshlarda tarixiy xotira, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, ro‘y berayotgan voqealarga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish;
  • yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning zamonaviy kasblarni egallashga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash;
  • iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • yoshlar, xususan uyushmagan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb qilish;
  • yoshlarni, xususan uyushmagan yoshlarni diniy-ekstremistik va boshqa buzg‘unchi tashkilotlar ta’siridan, chetdan «ommaviy madaniyat» niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sir va tahdidlardan asrash;

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi quyidagilarni amalga oshiradi:

  • katta iste’dod va yuksak fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan keksa avlod vakillarining ijodiy salohiyati va mahoratidan yoshlarni keng bahramand etish;
  • yosh iste’dod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish;
  • mumtoz adabiyotimizni, buyuk namoyandalarning asarlarini yoshlarga yanada yaqinlashtirish;
  • yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan «Do‘rmon», «Parkent» va «Zomin» ijod uylarida taniqli yozuvchilar, shoirlar ishtirokidagi uchrashuvlarni tashkil etish;
  • mahallalar, ta’lim muassasalarida yoshlar, shu jumladan, paralimpiyachilar ishtirokida muntazam ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, shuningdek, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;

«Nuroniy» jamg‘armasi quyidagilarni amalga oshiradi:

  • oqsoqollar, keksa yoshdagi mahalla faollarini yoshlarni Vatanga muhabbat, keksalarni e’zozlash, ezgulik va rahmdillik singari xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda yoshlarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning birinchi navbatdagi ehtiyojlari qondirilishida har tomonlama yordam berish;
  • taniqli keksa yozuvchilar, artistlar, xonandalar, sport faxriylari, rassomlar va ijodkor ziyolilarning boshqa vakillarini taklif etgan holda yoshlar o‘rtasida ijodiy kechalar tashkil etish.

2022 yil 1 iyuldan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hisobida turgan 10−35 yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda fuqarolarning murojaatiga ko‘ra nogironlik guruhi belgilangan sportchilar haqidagi ma’lumotlar har chorakda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga taqdim etiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosalari asosida nogironlik guruhi belgilangan barcha 10−35 yoshdagi shaxslarning elektron ma’lumotlari har chorakda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga yuboriladi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xulosalari asosida nogironlik guruhi belgilangan 10−35 yoshdagi shaxslarni paralimpiya sport turlariga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib boradi.

XTV va SSV tarkibidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar), «Nurli maskan» ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun «Muruvvat» internat uylarida paralimpiya sport turlari, shu jumladan, parastol tennisi, paradzyudo, golbol, 5×5 futbol, parayengil atletika, bochcha, parapauerlifting, paraqilichbozlik sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi hamda ularni zaruriy sport jihozlari va formalari bilan ta’minlaydi.

Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarning ta’lim olgan muassasalarida «Matonatli sportchilarimiz — faxrimiz» xonalarini tashkil etadi.