Gruziyaning Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» musobaqasi o‘z yakuniga yetdi, unda o‘zbekistonlik atletlar bitta kumush va to‘rtta bronza medaliga ega bo‘ldi, deb xabar berdi MOQ.

+100 kg vazn toifasida Alisher Yusupov finalda gruziyalik Gela Zaalashviliga imkoniyatni boy berdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘z navbatida, Alisher Yusupov qimmatli 700 reyting ochkosiga ega bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati.

Shuningdek, -100 kg vazn toifasida Otabek To‘raboyev, +100 kg vazn toifasidagi boshqa bir o‘zbekistonlik Shohruh Baxtiyorov, -81 kgda Sharofiddin Boltaboyev va -73 kgda Murodjon Yo‘ldoshev bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.

Bronza medali uchun har bir sportchi 500 tadan qimmatli reyting ochkosiga ega bo‘ldi.

Musobaqada jami 36 davlatdan 278 nafar — 173 nafar erkak va 105 nafar ayol sportchi ishtirok etdi.