O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Braziliyaning shimoli-sharqiy hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talofatlar ko‘rilgani munosabati bilan mamlakat prezidenti Jair Messias Bolsonaruga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Braziliya markaziy axborot agentligiga ko‘ra, mamlakatning shimoli-sharqidagi Pernambuku shtatida surunkali davom etgan kuchli yomg‘irlar tufayli kamida 128 kishi halok bo‘lgan, 11 mingdan ortiq mahalliy aholi o‘z uylarini tark etgan.

Pernambuku gubernatori yog‘ingarchiliklardan jabr ko‘rgan 82 mingga yaqin kambag‘al aholi uchun 1500 braziliya realidan berish bo‘yicha loyihani Qonunchilik palatasiga kiritgan. Gubernator, shuningdek, suv toshqini oqibatida halok bo‘lgan 128 kishining qaramog‘idagilarga eng kam ish haqi miqdorida umrbod pensiya to‘lash to‘g‘risida ham qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.