Ishtixon va Nukus tumanlarida noqonuniy valyuta ayirboshlash holatlari aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro A.T. 5 ming dollarni fuqaro N.ga 55,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Shu kabi holat Qoraqalpog‘istonda ham kuzatildi. Nukus tumanida fuqaro A.S. 2,8 ming dollarni 31,2 mln so‘mga fuqaro S.ga sotgan vaqtida ushlangan. Ularning yonidan chiqqan jami 3 ming dollar, 34,8 ming rubl, 10 yevro, 100 BAA dinari, 5 turk lirasi va 1,2 mln so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departament xabariga ko‘ra, yuqoridagi fuqarolarning harakatlari bo‘yicha olib borilgan kuzatuvlarda ular doimiy ravishda valyuta qimmatliklarini qonunga zid ravishda ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelganliklari ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.