So‘nggi yillarda O‘zbekistonga ko‘plab xorijiy, va ayniqsa, Rossiya kompaniyalari kirib kelmoqda. Rossiyaliklar orasida O‘zbekistonda nafaqat katta biznes, balki kichik biznes egalari ham, jumladan, oziq-ovqat yetkazib berish, restoranlar, fintex (moliya sohasidagi texnologiyalar) sohalariga kirib kelishdi. «O‘zbekistondagi har oltita biznesning bittasi rossiyaliklarga tegishli», — deyiladi RBK tomonidan e’lon qilingan rossiyaliklarning O‘zbekistonda qanday biznes qilayotganliklari haqidagi maqolada. «Gazeta.uz» sizga ushbu maqolaning o‘zbek tilidagi tarjimasini taqdim etadi.

O‘zbekistonda tadbirkorlik

O‘zbekiston bozoriga Rossiyaning turli katta va kichik kompaniyalari kirib kelmoqda. Misol uchun 2022 yil fevral oyida O‘zbekistonga Wildberries onlayn-riteyleri kirib keldi, bu ushbu kompaniyaning 20-mamlakatdagi filialining ochilishi edi.

«Onlayn platformamizda xaridlarga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanligini ko‘rmoqdamiz: aprel oyida O‘zbekistonda mart oyiga nisbatan uch baravar ko‘proq mahsulot xarid qilindi. Ko‘pincha ular kosmetika va parfyumeriya, kitoblar, kiyim-kechak, poyabzal va o‘yinchoqlarga buyurtma berishadi», — deydi Wildberries matbuot xizmati. Hozirda O‘zbekistonda Wildberries`ning o‘nta nuqtasi mavjud, kompaniya Zoodmall, Abad, Bulavka, Sello kabi mahalliy kompaniyalar bilan raqobat olib boradi.

Shuningdek Rossiyaning Broniboy nomli yetkazib berish xizmati ham 2022 yil boshidan buyon O‘zbekistonda faoliyat olib bormoqda. Ushbu startapning asoschilaridan biri Aleksandr Radionov O‘zbekistonni tanlashiga sabab bu yerda vakillik ochishga yordam beradigan hamkorlarining borligi bo‘lganligini aytadi. «Bu yerda iqtisodiyot rivojlanmoqda, biznes esa 2000-yillarning o‘rtalarida Rossiya darajasidagidek, davlat esa rivojlanishga halaqit qilmaydi, bu juda muhim», — deydi u. O‘zbekistondagi Broniboy jamoasining 60 foizi, jumladan direktor va logistika bo‘yicha bosh mutaxassisi ham o‘zbekistonliklardir.

Xizmat rahbariyati avvalo O‘zbekistonda ishlash imkoniyatiga shubha bilan qarashgan, chunki bu yerda restoranlardan oziq-ovqat yetkazib berish sohasi rivojlanmagan: mamlakatda oltita bunday xizmatlar bor, biroq ular agregator sifatida ishlaydi, ularga buyurtma uchun javobgar bo‘lmagan uchinchi tomon kurerlari qo‘shilishi mumkin. «Restoranlarga xizmatimizning ahamiyatini tushuntirish kerak bo‘lgan sharoitdagi rivojlanmagan bozorda ishlash qiyin», — deya tushuntiradi Radionov.

«Yaxshi tomoni shundaki, restoranlar bizga nafaqat buyurtma narxi bo‘yicha komissiya to‘lashga, balki mijozlarga yetkazib berish xarajatlarini ham o‘z zimmalariga olishga tayyorliklarini bildirishdi. Biz hech qayerda buning guvohi bo‘lmaganmiz».

Radionov boshqa qiyinchiliklar qatorida dasturiy ta’minotni mahalliylashtirish zaruratini — uni o‘zbek tiliga tarjima qilish kerak bo‘lganligini va Rossiyadagiga qaraganda sustroq rivojlangan onlayn to‘lov tizimini aytib o‘tdi. Kurerlarni topishda hech qanday muammo bo‘lmadi: Broniboy ularni messenjerlar va «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi guruhlar orqali topgan. «O‘zbekistonda hali ham e’lon taxtalari mavjud, ularda xodimlar qidirilayotgani haqida e’lonlar joylashtiriladi», — deydi Radionov.

Uning aytilishicha, hozirda Broniboy`ning O‘zbekistondagi ofisida yetti kishi ishlaydi, bazada 50 dan ortiq kurer bor, 20 tasi smena almashib ishlaydi. Hamkor restoranlar soni esa 60 ga yaqin bo‘lib, ular orasida Rossiya franshizalari ham bor. Radionovning so‘zlariga ko‘ra, kurerga to‘lanadigan soatlik to‘lov va buyurtma narxidan kelib chiqadigan yetkazib berish narxi Rossiyadagidan 30−40% ga pastroq. «Hammasi kelishuvga bog‘liq: nazariy jihatdan har bir tiyinni hisoblashi kerak bo‘lgan arzon restoran 30% to‘lashga tayyor bo‘lishi mumkin, qimmat restoran esa atigi 15% to‘lashga tayyor bo‘ladi», — deya aniqlik kiritdi Radionov. Xizmat b2b segmentida ham ishlaydi, autsorsing (kelishuv asosida ma’lum bir tashkilotning xizmatlarini amalga oshirish) orqali kurerlik xizmatlarini taqdim etadi. Misol uchun, Broniboy aprel oyi oxirida Toshkentda MCosmetic drogeri fomatidagi do‘konini ochgan Rossiyaning «Magnit» riteyleri bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishib olgan va u yerdan buyurtmalar yetkazib bermoqda. Korxonada kuniga o‘rtacha 20 ta tayyor oziq-ovqat buyurtmasi amalga oshiriladi (hozircha faqat poytaxtda).

Radionovning aytishicha, kompaniya o‘zbek bozoriga 300 ming dollar kiritishga qaror qilgan. Ishni yo‘lga qo‘yish uchun esa 100 ming dollar ketgan. Broniboy`ning maqsadi 2022 yilning uchinchi choragi boshlanishiga qadar ko‘rsatkichlarni Toshkent bo‘ylab kuniga 150−200 ta oziq-ovqat buyurtmasigacha ko‘tarishdir. «Iqtisodiyotning o‘sishi bizning asosiy o‘sish drayverimiz bo‘lishini kutayapmiz, chunki endi mamlakatga hukumatning yangi investitsiyalarni jalb qilishdagi yordami bilan sarmoya kiritishga qaror qilgan ko‘plab rossiyaliklar kirib keladi», — deydi Radionov. «Qolaversa, xizmatlarni raqamlashtirish masalasi: hozir O‘zbekistonda ikkita tugmani bosish orqali buyurtma berish kamdan-kam holat, odamlar haligacha telefon orqali buyurtma berishadi. Bu biz uchun afzallik bo‘lib qoladi: odamlar ilovani yuklab olishlari, kartani bog‘lashlari va buyurtma berishlari mumkinligini tushunishni boshlashadi».

O‘zbekiston bozoriga kirishga qaror qilgan tadbirkorlar uchun Radionov, birinchi navbatda, o‘sha yerda ish tajribasiga ega bo‘lgan jamoa uchun mahalliy xodimlar zaxirasini shakllantirishni maslahat beradi.

IT sohasi

Oprosso nomli so‘rovnoma o‘tkazish va fikr-mulohazalarni yig‘ish platformasi 2021 yilning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekiston bozorida faollashib bormoqda. Kompaniyaning rahbari va asoschilaridan biri Sergey Yurchenko O‘zbekistonni tanlaganiga mamlakatda 2015−2020 yillarda o‘tkazilgan muhim iqtisodiy-siyosiy islohotlar turtki bo‘lganligini aytadi.

«Masalan, O‘zbekistonda bank sektorini tartibga solish va tijoratlashtirish ishlari, soliq islohoti amalga oshirildi, bu esa soliq yukini kamaytirdi va eksport operatsiyalarini amalga oshirishni osonlashtirdi», — deydi u. Biznes yuritish osonligi bo‘yicha jahon indeksida O‘zbekiston 2015 yildagi 146-o‘rindan 2020 yilda 69-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Kompaniya hozircha O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritmaydi: savdo Belarusdagi filial va bu yerda biznes yurituvchi hamkorlar orqali amalga oshiriladi. «Biz mamlakatda yuridik shaxs ochishni rejalashtirmoqdamiz, ammo bu 2022 yil natijalariga va mijozlar soniga bog‘liq», — deydi Yurchenko. «Biz IT-Park`ga a’zo bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz — bu IT-kompaniyalar uchun bir qator imtiyozlar beradi».

Oprosso O‘zbekistonga kirishda duch kelgan qiyinchiliklar: til bilan to‘siqlar va masofaviy ishlayotgan xodim ustidan nazoratni yo‘qotish xavfi bo‘ldi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, Oprosso mahalliy bozor uchun yangilik (asosiy raqobatchilar — konsalting kompaniyalaridir), shuning uchun mijozlarga xizmat ahamiyatini tushuntirish ishlarini rivojlantirish talab etiladi. Hozir kompaniya O‘zbekistonning eng yirik banklaridan biri va mobil aloqa operatorlaridan biri bilan hamkorlik qilmoqda. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mahalliy bozorga chiqish uchun bir necha o‘n minglab dollar sarmoya kiritgan. «Biz faoliyatning birinchi yilidanoq daromad olamiz, deb umid qilayapmiz», — deydi Yurchenko.

Sanoat va qurilish uchun IT-yechimlarni taklif qiluvchi rossiyalik «Askon» kompaniyasi uchun 2022 yil aprel oyida O‘zbekiston bozoriga kirish ikkinchi urinish bo‘ldi. Kompaniyaning barcha hududiy ofislarini birlashtirgan «Askon-Integratsiya» biznes direktori Anatoliy Gurevichning tushuntirishicha, «Askon»ning mintaqaviy ofisi Toshkentda allaqachon faoliyat yuritib kelgan, ammo 2010 yillarning o‘rtalarida u mahalliy valyutani tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli yopilgan va Qozog‘istondagi ofisi, hamkor kanali orqali mamlakatda ishlab kelgan.

O‘zbekistonda so‘nggi ikki-uch yil ichida yangi texnologiyalarga qiziqish ortib borayotgani, sanoat ishlab chiqarishi jadal rivojlanayotgani, yangi mahalla va shaharlar barpo etilayotgan ekan, buning barchasi uchun zamonaviy IT-yechimlar zarur. «Shuning uchun 2022 yilda biz Toshkentda ofisimizni qayta ochdik», — deya davom etadi Gurevich. «Bundan tashqari, Rossiyadan kelgan kompaniyalar uchun O‘zbekistonda biznes yuritish bo‘yicha sharoitlar yanada qulaylashdi. Biz biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmadik: „Askon“ buning uchun mahalliy hamkorni jalb qildi va hammasini tez hal qildi».

Gurevichning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya boshqa jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmagan: hozirda korporativ sektorga IT-yechimlar taklif qilish sohasi uchun qulay muhit yuzaga kelgan. Uning aytishicha, raqobat muhiti har doim yaxshi natija beradi. «Rossiya bozorida bu vaziyatni 2000−2010 yillardagi sharoit bilan solishtirish mumkin», — deya ta’kidladi u. — «Asosiy raqobatchi bo‘lgan litsenziyasiz dasturiy ta’minot ulushi yuqori. G‘arbiy IT-yechimlar alohida sanoat korxonalarida taqdim etiladi va ular bu yerda keng tarqalmagan».

Gurevich biznesni ochish va rivojlantirish uchun kiritilgan investitsiyalar miqdorini aytmadi, lekin biznes-rejaga ko‘ra 2025 yilgacha sarmoya kiritish nazarda tutilganini ta’kidladi. «Shu kungacha biz Rossiya standartlari bo‘yicha juda oddiy bo‘lgan aylanmaga erishishni — yiliga 500 ming dollar daromad ko‘rishni rejalashtirmoqdamiz», — deydi u.

Karsheringsiz mamlakat

«O‘zbekiston tez o‘rganmoqda», — deydi o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashgan Dmitriy Vasilev. Uning ta’kidlashicha, aholi sonining o‘sishi tufayli mamlakat savdo bozori sifatida qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekistonda Qirg‘izistonga nisbatan besh baravar va Qozog‘istonnikiga qaraganda salkam ikki baravar ko‘p aholi yashaydi. «Bu yerda buyurtma berib, bir necha kun kutish o‘rniga, darhol kelib tovarlar xarid qilishingiz mumkin bo‘lgan bezatish materiallari va yirik qurilish materiallari do‘konlari yetishmaydi», — deydi u.

«Karshering (tahr. — carsharing — yengil avtomobilni ijaraga berish yoki birgalikda foydalanish xizmati) rivojlanmagan, garchi KFC fast-fudlari mahalliy bozorga bir necha yil oldin kirgan bo‘lsa ham, xalqaro oshxonalar va ovqatlanish tarmoqlari yetarli emas», — dedi Dmitriy Vasilev.

O‘zbekistonda 2004 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan «O‘zbekiston do‘stlari klubi» ijtimoiy harakati raisi Vladislav Kovalenkoning aytishicha, hozir mamlakatda turizm rivojlanmoqda, shu bois bu yerda mehmonxona va dam olish uchun uylar qurish biznesi talabga ega. «Ammo turar-joy va tijorat binolarini qurish bozori allaqachon bo‘lib olingan: bu yoki mahalliy kompaniyalar, yoki mahalliylar bilan hamkorlikda ishlayotgan turk kompaniyalari», — deya ta’kidlaydi u. «Umumiy ovqatlanish tarmoqlari sohasi nisbatan bo‘sh, rus restoratorlarining korxonalari allaqachon paydo bo‘lmoqda, masalan, yaqinda Arkadiy Novikovning „Sыrovarnya“ restorani ochildi. Logistika kompaniyalarining istiqboli katta: Rossiya korxonalari O‘zbekiston raqamlari bilan Yevropa davlatlariga sayohat qilish uchun qayta ro‘yxatdan o‘tishlari aniq. To‘qimachilik sanoatiga kirish qiyin emas: tikuvchilik uchun ishlab chiqarish quvvatlari faol qurilmoqda, mahalliy fabrikalar yirik buyurtmachilar bilan ishlashga tayyor. Toshkentda velosiped va elektroskuterlarni ijaraga berish sust rivojlangan, ammo bu transport turi uchun infratuzilma hali mavjud emas», — deydi Vladislav Kovalenko.

Vasilevning so‘zlariga ko‘ra, garchi O‘zbekistonda mahalliy go‘sht, sabzavot va mevalar narxi Rossiyanikidan arzonroq bo‘lsa-da, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash uchun imkoniyatlar yo‘q. Ammo yaqinda ishlab chiqarish biznesiga kirish narxi oshdi: agar ilgari 500 ming dollarga sanoat biznesini ochish mumkin bo‘lsa, endi bu ikki-uch barobar qimmatga tushadi. Mehnat uchun to‘lanadigan haq ham oshib bormoqda. «Agar ilgari ishchining maoshi oyiga 150 dollar bo‘lgan bo‘lsa, endi bunday ishchi 300 dollar olishni xohlaydi», — deydi Vasilev.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda yoshlarda mutaxassisliklarni egallashga intilish katta, bu ayniqsa, viloyatlar hududlarida kuchliroq ko‘zga tashlanadi, chunki u yerlarda katta oilalar mavjud.

Tadbirkor hozirda O‘zbekistonga Rossiyadan tashqari boshqa davlatlar ham sarmoya kiritayotganiga e’tibor qaratdi: Xitoy (2021 yilda jalb qilingan investitsiyalar hajmi 2,2 mlrd dollar), Turkiya (1,18 mlrd dollar), Germaniya (800,7 mln dollar). «Bu yerda ko‘plab muhojirlar bor, agar xohlasangiz biznes uchun xorijiy hamkor topishingiz mumkin», — deydi u. Vasilev O‘zbekiston bozoriga sanoat o‘z mahsulotlari bilan kirishga qaror qilgan ishbilarmonlarga birinchi navbatda zarur infratuzilmaga ega texnoparklari mavjud bo‘lgan uchun Toshkent viloyatiga e’tibor qaratishni maslahat berdi. Jumladan, bu yerda Toshkent mexanika zavodining texnoparki negizida tashkil etilgan Chirchiq va Yashnobod innovatsion texnoparki (ikkalasi ham poytaxtda) ishlamoqda.

«Yaxshi advokat yoki advokatlik firmasini yollashni maslahat beraman — bu yerda siz buni oyiga 500 dollarga qilishingiz mumkin. Afsuski, bu yerda sud-huquq tizimi hozircha yaxshi ishlamayapti. Men uning ishiga 10 balldan 6 baho bergan bo‘lardim. Ammo bu bir necha yil oldin, ikki bahoga ishlagan paytlariga nisbatan yaxshiroq. Bu xorijlik investor uchun o‘z sarmoyalarini himoya qilishdagi yagona kamchilikdir», — deya maslahat berdi tadbirkor.

Ishga qabul qilish va biznes muzokaralari borasida O‘zbekistonning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Bu yerda «sarafan radiosi» ko‘proq ishlaydi, tanishlar, qarindoshlar, xodimlardan tavsiyalar so‘raladi, — deydi O‘zbekistondagi Ancor xalqaro kadrlar guruhining operatsiyalar bo‘yicha menejeri Oksana Tkachenko (kompaniya mamlakatda 2018 yildan beri ishlaydi; 2021 yilda O‘zbekistonda tovar aylanmasi 11 mlrd so‘mdan oshdi).

Ishchi xodim qidirish yoki professional rekruterlar (HR-menedjer) yordamida ishchi yollash saytlariga talab oshmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar ko‘payib bormoqda, ularda xodimlarni qidirish uchun guruhlar va chatlar tashkil etiladi. Tkachenko Rossiya kompaniyalari uchun ofis ochish yoki bank o‘tkazmasi orqali ishlaydigan pudratchilarni topish uchun harakatni tashkil qilish qiyin ekanligini ta’kidladi. «To‘lovlar naqd pulsiz qilinadigan bo‘lsa, narxlar ancha yuqori bo‘ladi», — deydi u. Muzokaralar jarayoniga ta’sir qiluvchi mentalitet va turmush tarzida ham o‘ziga xoslik mavjud. «Bu yerda qarorlar faqat shaxsiy muloqot paytida, yig‘ilishlarda, shoshmasdan qabul qilinadi», — deb izohladi Tkachenko. «Hech kim telefon orqali yoki yozishmalarda hech narsani muhokama qilmaydi — hamma narsada shaxsiy aloqa talab qilinadi, hammasini shaxsan aytish kerak».

Ishlab chiqarishdan tashqari boshqa bo‘sh sohalarga kelsak, 2022 yil mart oyi boshida Toshkentga ko‘chib kelgan venchur sarmoyador, «Sprosi VC» loyihasi yaratuvchisi Denis Kalishkinning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda raqamli kasblar, b2b savdosi, kiberxavfsizlik va Islom moliyasi, ya’ni «mullalar tomonidan ma’qullangan» moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha onlayn treninglarni aytish mumkin. O‘zbekiston Venchur kapitali assotsiatsiyasi raisi Dilshod Zufarovning so‘zlariga ko‘ra, katta salohiyatga ega uchta asosiy yo‘nalish — bu fintex (moliyaviy texnologiyalar), onlayn ta’lim va tibbiy texnologiyalardir.

A.Partners investitsiya kompaniyasi asoschisi Aleksey Solovyovning fikriga ko‘ra, «O‘zbekiston venchur model bo‘yicha rivojlanayotgan kompaniyalar uchun mustaqil bozorga aylanishi dargumon».

«Ba’zi hollarda, bitta mamlakat alohida savdo bozorini ifodalashi mumkin va ba’zi hollarda bunday bo‘lmaydi», — deya tushuntiradi Aleksey Solovyov. «Birinchilar qatoriga, masalan, AQSh, Rossiya, Hindiston, Xitoy kiradi. Kichikroq mamlakatlarda esa aholi sonining unchalik katta bo‘lmaganligi sababli 100 mln dollar kapitalga ega jiddiy o‘yinchilarning paydo bo‘lishiga imkon bo‘lmaydi. O‘zbekistonni bunga misol qila olamiz. Bu yerda barcha mashhur biznes modellarini amalga oshirish mumkin, ammo bu venchurga mos biznes bo‘lmaydi», — deya ta’kidlaydi u. O‘zbekiston qo‘shni hududlarga chiqish platformasiga aylanish imkoniyatiga ega. U yerda keyinchalik Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasigacha kengayish uchun loyihalar amalga oshirish imkoni mavjud, — deydi Solovyov. Shunday qilib, Markaziy Osiyo davlati uzoq xorijga chiqish uchun ko‘prik bo‘lishi mumkin.