Fevral oyidagi keskin pasayishdan so‘ng Rossiya valyutasining barqarorlashuvi ko‘pchilik iqtisodchilar uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Ammo rublning kelgusidagi taqdiri haqida xorijiy tahlilchi, iqtisodchilar qanday fikrda? «Gazeta.uz» bu haqda RBK e’lon qilgan maqolaning tarjimasini taqdim qiladi.

Aprel oyida rubl o‘sish darajasi bo‘yicha rivojlanayotgan bozordagi boshqa valyutalarni ortda qoldirdi. Bungacha esa Ukraina hududida boshlangan urush harakatlaridan keyin kuzatilgan keskin pasayishdan so‘ng, rubl kursi ikki oy davomida asta-sekin o‘ziga kelgan edi.

Urush harakatlari boshlangandan keyin YeI Rossiya hududiga yevro naqd pullarini, AQSh esa dollar naqd valyutalarini olib kirishni taqiqladi. Sanksiyalar va rus hukumatining valyutani boshqarish borasidagi qarshi choralari oqibatida rubl kursi pasayishda davom etdi va mart oyi boshida rubl minimal qiymatgacha tushdi (1 dollar = 120 rubl; 1 yevro = 133 rubl). Oradan bir necha kun o‘tgach, AQSh prezidenti Jo Bayden Polshada bo‘lib o‘tgan press-konferensiyada «misli ko‘rilmagan sanksiyalar oqibatida rubl ahlatga aylanib qolganini» va bir dollar 200 rublga tenglashtirila boshlanganini ta’kidladi.

May oyida rubl kursi barqarorlashishda davom etdi. Biroq tahlilchilaring ta’kidlashicha, optimizmga berilish uchun sabablar unchalik ham ko‘p emas.

Faqat ko‘rinishidan shunday

Business Insider nashrining yozishicha, ayni damda dollarning mustahkamligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bor ekanligiga qaramay, Rossiya rubli ko‘ringani kabi mustahkam emas, valyutaning dollarga nisbatan ayirboshlash kursi esa rublning hozirgi paytdagi xarid qobiliyatini ko‘rsatib bera olmasligi mumkin. Rossiya iqtisodiyoti hanuz yaxshi ahvolda emas, rubl kursining hozirgi ko‘rsatkichlari esa Rossiya hukumati tomonidan moliya tizimi ustida o‘rnatilgan jiddiy nazoratning hamda eksportchilarga nisbatan yo‘lga qo‘yilgan qat’iy qoidalar natijasi bo‘lib turibdi. «Bugungi kunga kelib bu endi erkin bozor emas», — deydi MUFG yapon bankining valyutalar bo‘yicha tahlilchisi Li Xardman.

Rossiyaga kiritilishi va olib chiqilishi mumkin bo‘lgan o‘tkazmalarning miqdorini cheklagan holda kapital harakatlarini nazorat qilish Rossiya hukumatining iqtisodiy maydondagi rubl kursining o‘zgaruvchanligiga qarshi asosiy quroli bo‘ldi. Rossiyaliklarning o‘z hisobidan 10 ming dollardan ko‘p miqdordagi xorijiy valyutani yechib olishi yoki chet elga naqd pul ko‘rinishida o‘tkazishi, xorijiy sarmoyadorlarning esa Rossiyadagi moliyaviy aktivlarini sotishi taqiqlab qo‘yildi. Valyuta tushumining asosiy qismini sotishga majbur bo‘lgan eksportchilarga ta’sir ko‘rsatgan cheklovlar rublni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omil bo‘ldi (2022 yilning birinchi choragida hukumatning neft va gazdan olgan daromadlari yil hisobiga ko‘ra 80% dan ortiq o‘sishni ko‘rsatdi).

Rossiya Markaziy banki ham bu orada faol bo‘lib, fevral oyidagi pasayishdan keyin foiz stavkalarini 20 foizga, ya’ni ikki baravarga oshirib, keyinchalik 17 foizga tushirdi. Bu rossiyaliklarni rubllarini o‘z banklarida saqlashga undadi.

Rossiya hukumati tomonidan o‘rnatilgan bunday yirik cheklovlar rubl kursini iqtisodiyotning ahvoli haqida ishonchli ma’lumot bera oladigan ko‘rsatkich sifatida ko‘rib bo‘lmasligini anglatadi, deya yozmoqda Business Insider. «Kapital harakatini nazorat qilish orqali men valyutani istalgan kursga o‘zgartirishim mumkin», — deydi iqtisodchi Daniela Gabor.

Nazorat rublni chinakamiga «boshqariladigan» valyutaga aylantirib qo‘ydi.

Tahlilchilar rublning mustahkamlanishini «butunlay sun’iy» deya hisoblamoqda, deb yozadi The Telegraph. Xorijiy sarmoyadorlar bozordan siqib chiqarildi, kompaniyalar dollar sotishga majbur bo‘ldi, fuqarolarga rubl ayirboshlash taqiqlab qo‘yildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Rossiya iqtisodiyoti qisqarmoqda va rubl endi asosli ko‘rsatkichlarni aks ettirmaydi.

«Agar bunday siyosiy choralar ko‘rilmaganida AQSh valyutasining real ayirboshlash kursi (valyuta cheklovlari bo‘lmaganida rublning kursi), ehtimol, bir dollar uchun 180 rublni tashkil qilgan bo‘lar edi», — dedi Wells Fargo Securities valyuta strategi Brendan MakKenna.

Hatto rivojlanayotgan bozorlardagi treyderlarning ixtisoslashgan assotsiatsiyasi (Trade Association for the Emerging Markets, EMTA) 11 mayda treyderlarga rubl kursi bo‘yicha Moskva birjasi ma’lumotlaridan foydalanmaslikni tavsiya qildi. Buning o‘rniga, Rossiya valyutasi kursini baholashda Deutsche Bank, Morgan Stanley, Bank of America, J.P. Morgan Chase va boshqalarni o‘z ichiga olgan EMTA 2022 yil 6 iyundan boshlab WM/Refinitiv xizmati ma’lumotlariga tayanishni maslahat berdi.

Qayg‘uli tajriba

Rossiyaning moliyaviy ahvoli ayni damda ko‘plab tahlilchilar kutganidan kuchliroq, ammo uzoq muddat nuqtai nazaridan olib qaralsa hali ham zaif, deya ta’kidlaydi The New York Times. Shu bilan birga, rubl kursini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha individual harakatlar Rossiya moliya tizimini Sovet davridagi holatga qaytaradi.

Oxirgi yigirma yil davomida rubl butun dunyo bo‘ylab erkin sotuvga qo‘yilgan va uning qiymati talab va taklifga qarab belgilab kelingan. Rossiyaga sarmoya kiritishga va rus kompaniyalari bilan biznes yuritishga ishonch bildirgan G‘arb investorlari uchun konvertatsiya qilish imkoniyati juda muhim edi. Ammo ushbu davr Rossiya hukumatining erkin valyuta bozorini vaqtincha yopib qo‘yishi bilan (ayni damda) tugadi.

Tumanli kelajak

Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki rublga qiymatini oshirish uchun bir qator vositalardan foydalangan. Biroq, Shveysariyaning Syz banki investitsiya direktori Charlz-Genri Monshauning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan tashqarida juda kam odam rublni sotib olishga qiziqadi (agar ular qandaydir operatsiyalar uchun rus valyutasiga muhtoj bo‘lmasa), treyderlar esa endi rublni erkin savdo valyutasi sifatida qabul qilmaydi . «Agar Rossiya Ukraina muammosiga, keyinchalik sanksiyalarni olib tashlash va G‘arb bilan savdo aloqalarini tiklash orqali yechim topsa, rubl o‘zining hozirgi qiymatini saqlab qolishi mumkin», dedi u. «Boshqa tomondan, agar yechim topilmasa, rubl qulashi mumkin, bu esa ichki inflyatsiyaning o‘sishiga va Rossiyada chuqur iqtisodiy tanazzul yuz berishiga olib kelishi mumkin».

Biroq, Monshauning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya markaziy bankining yana bir kuchli qadami «G‘arb OAVlarida nisbatan e’tiborsiz qoldirildi» — Rossiya banki 2022 yil 28 martdan 30 iyungacha 5 ming rubl qilib belgilangan narxda oltin sotib olishni qayta yo‘lga qo‘ydi. Oltin savdosi AQSh dollarida amalga oshirilishi sababli, bu Rossiya Markaziy bankiga o‘z valyutasini oltinga bog‘lash va rublning dollar hisobidagi minimal narxini belgilash imkonini beradi, deya qayd etdi mutaxassis. Shunday qilib, rublning yanada mustahkamlanishi oltin narxining oshishiga olib kelishi mumkin. Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng qimmatbaho metalni jadallik bilan jamg‘arib kelmoqda. Oltin Rossiya Federatsiyasining barcha xalqaro zaxiralarining qariyb 20% ni tashkil qiladi.

Rossiya valyutasining kursiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan yana bir omil mavjud. Mart oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022 yil 1 apreldan boshlab xorijiy kontragentlarga yetkazib beriladigan Rossiya quvur gazi uchun to‘lov faqat rublda amalga oshirilishi kerakligi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shu maqsadda xorijiy xaridorlar uchun vakolatli moliya muassasasi bo‘lgan «Gazprombank» da maxsus valyuta va rubl hisoblari ochiladi.

Rossiya bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakning so‘zlariga ko‘ra, 19 may holatiga «Gazprom» bilan shartnoma tuzgan Rossiya gazini import qiluvchi 54 ta kompaniyalarning yarmi «valyuta tushumlarini ta’minlash, rublga konvertatsiya qilish va gaz uchun to‘lovni amalga oshirish uchun» maxsus valyuta va rubl hisob raqamlarini ochishgan.

Yevropa hali Rossiya energiya tashuvchilardan voz kecha olmaydi, endi Moskva yevroning rublga nisbatan ikki tomonlama kursini o‘z manfaatlariga muvofiq shakllantirish uchun zarur bo‘lgan savdo kuchiga ega, deb yozadi Geopolitical Monitor nashri. Shunday yo‘l bilan, Rossiya rubli oddiy tarzda ichki qiymatga ega va xalqaro bozorlarda doimiy talabga ega bo‘lgan mustahkam aktiv bilan qo‘llab-quvvatlanadigan valyutaga aylandi.

Rabobank valyuta strategi Jeyn Foulining aytishicha, agar Rossiya mamlakatni tark etayotgan xorijiy kompaniyalarga o‘z aktivlarini sotish va pulni olib chiqib ketishga ruxsat bersa, rubl kursi qulashi mumkin.

Shu bilan birga, agar xalqaro pul o‘tkazmalarini erkin amalga oshirish imkoni bo‘lmasa, kapital nazoratini qisman pasaytirish rublga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi, deya hisoblaydi TD Securities portfelini boshqarish strategiyasi mas’uli Kristian Madjio. «Valyuta kurslari dinamikasiga ta’sir etuvchi haqiqiy pul oqimlari bo‘lmasa, rubl qaysi diapazonda savdo qilinishini oldindan aytishning iloji yo‘q», — deya xulosa qiladi u.