Tojikiston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 20 iyundan boshlab Toshkent — Dushanbe yo‘lovchi poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra bu haqdagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Tojikiston tomonining taklifiga ko‘ra, «Dushanbe — Samarqand — Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab muntazam temir yo‘l qatnovi tashkil etilmoqda.

Xalqaro yo‘lovchi poyezdi haftasiga bir marta Dushanbe — Quduqli — Sarosiyo — Qumqo‘rg‘on — Darband — Dehqonobod — Qarshi — Samarqand — Jizzax — Guliston — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanadi.

Dushanbedan Toshkentgacha bo‘lgan masofa 916 km. Safar vaqti — 21 soat.

Kutilganidek, tarkib «Tojikiston temir yo‘li» tomonidan shakllantiriladi. Poyezd 10 ta vagondan iborat bo‘lishi taklif qilinmoqda: 1 ta SV, 4 ta kupe, vagon-restoran va 4 ta platskart vagondan iborat bo‘ladi.

3 iyun uchun chipta narxi 479 881 so‘mdan 1 300 183 so‘mgacha atrofida bo‘lishi mumkin.