3 iyundan Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan va tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bor fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi «Mehribon taksi» kompaniyasi ish boshlashi kutilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga loyiha marketologi Albina Azimova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha ta’sischilari xorijlik investorlar bo‘lib, bu Markaziy Osiyoda yagona shu turdagi loyiha hisoblanadi.

Boshqalardan farqli o‘laroq ushbu taksi xizmatida mijozni kutish bepul bo‘ladi.

Shuningdek, haydovchilar yo‘lovchilarga yordam ham beradi. Avtomashinalar asosan nogironlik aravachasida harakatlanadigan odamlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ko‘chma pandusga ham ega.

Foto: «Mehribon taksi» kompaniyasi.

«Mehribon taksi» Call-markazi raqami 55 5031881. Xizmat narxi bir km uchun 3000 so‘mni tashkil etadi.

«Tanlangan tarif bo‘yicha narxlarning eng kam miqdori bor. Lekin narxlar boshqa kompaniyalarga taqqoslaganda arzonroq bo‘ladi», — deydi kompaniya vakili.

Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, taksi xizmatidan olingan mablag‘ning ma’lum miqdori hayriya jamg‘armalariga ajratiladi. Shuningdek, taksi kompaniya nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ish bilan ta’minlashga ham e’tibor qaratadi.

Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 6000 ga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar istiqomat qiladi. Ulardan 300 ga yaqini esa tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bor insonlarni tashkil qiladi.