1 oktabrdan boshlab respublika hududidagi ko‘p kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning 30 maydagi «O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida bu haqda so‘z boradi.

Xatlov natijasiga ko‘ra ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ko‘p kvartirali uy-joylarni zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi etib belgilandi.

Shuningdek, 2023 yildan boshlab respublikaning seysmik faol zonalarida balandligi 9 qavat yoki undan yuqori bo‘lgan seriyali qurilishi rejalashtirilgan yoki tanlab olingan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, sifatini ta’minlash hamda kamchiliklarni oldindan bartaraf etish maqsadida vibrodinamik uskuna yoki zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruv o‘tkazib boriladi.

Bunda, sinov va tekshiruvlar qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Qurilish vazirligiga 1 dekabrga qadar O‘zbekiston sharoitida so‘nggi zamonaviy usullarni o‘rganib, tahlil qilgan holda «Ko‘p qavatli binolarni loyihalash» shaharsozlik normalari va qoidalarini ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov natijalari asosida ishlab chiqish jarayoni bo‘yicha Kengashga axborot kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvardan boshlab seysmik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha davlat organlari rahbar kadrlari va xodimlarining Aholining barcha qatlamlarini zilzilaga tayyorlashga mo‘ljallangan milliy elektron platforma orqali malakasini oshirish va qayta tayyorlash kurslari o‘tkazib boriladi.

Bunda, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari rahbar kadrlarning aholiga zilzilalar vaqtida o‘zini tutish qoidalarini tushuntirish, kuchli zilzilalardan talafotlarsiz chiqish hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltiriladi.

FVVga AKT vazirligi bilan birgalikda 1 avgustga qadar aholining barcha qatlamini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan so‘ng to‘g‘ri harakat qilishga mustaqil o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mobil ilovani ishlab chiqish yuklatildi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Namangan muhandislik-qurilish instituti va Farg‘ona politexnika institutida «Bino va inshootlar zilzilabardoshligi» ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida esa 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab «Tarixiy obidalarning seysmik mustahkamligi» ta’lim mutaxassisligi ochiladi.