O‘zbekistonda hafta davomida iqlimiy me’yorlarga yaqin bo‘lgan havo harorati bilan asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi u haqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

30 may, dushanba respublika hududining katta qismida quruq va salqin ob-havo kuzatiladi. Kunduzi havo harorati +25…+28 daraja atrofida bo‘ladi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, asosan, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Ertaga va ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat ayrim kunlari tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Harorat asta-sekin ko‘tariladi va hafta o‘rtasiga kelib, 1−2 iyun kunlari kechalari +15…+18 daraja, kunduz kunlari +31…+34 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarida +35…+37 darajagacha bo‘ladi. 3 iyun juma kuni harorat foni 2−3 darajaga pasayadi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi kutilmoqda.