Seshanba kuni AQShning Texas shtati Yuvalde shahridagi Robb boshlang‘ich maktabida otishma sodir etildi, deya xabar bermoqda New York Times nashri. Hodisa natijasida 19 nafar maktab o‘quvchisi hamda ikki nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi.

ABC News telekanalining Texas shtati gubernatori Greg Ebbottga tayanib aniqlik kiritishicha, otishmani 18 yoshli o‘quvchi Salvador Ramos sodir etgan bo‘lib, u o‘zining 66 yoshli buvisiga o‘q uzgan.

Fox News telekanali xabariga ko‘ra, otishma sodir etgan shaxs maktabda barrikada qurgan. U qurshovga olingan, o‘quvchilar va xodimlar esa evakuatsiya qilingan. Jinoyatchining o‘zi maktabda politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

AP maktabda 600 ga yaqin bola tahsil olishini ma’lum qildi. Hududdagi boshqa maktablar ham yopilgan.