May oyida dunyoning bir qator mamlakatlarida yangi virus — maymun chechagi kasalligi bilan zararlanish holatlari kuzatila boshladi. Meduza nashri bu qanday virus ekanligi va u qanday paydo bo‘lganligi, shuningdek, qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligi haqidagi savollarga o‘z maqolasi orqali javob berdi. «Gazeta.uz» sizga ushbu maqolaning o‘zbek tilidagi tarjimasini taqdim etadi.

Bu qanday sodir bo‘ldi?

2022 yil may oyida bir vaqtning o‘zida Yevropa va Amerikaning bir nechta mamlakatlarida, shuningdek Avstraliyada maymun chechagi — tabiiy chechakka o‘xshash, virusli kasallik bilan zararlanish holatlari aniqlandi. Bu haqdagi ilk xabarlar Buyuk Britaniyada e’lon qilinib, keyinchalik ushbu virus Portugaliya, AQSh, Shvetsiya, Kanada va boshqa mamlakatlarda ham aniqlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bunday vaziyatni atipik deb atadi — ya’ni, ushbu kasallik bilan og‘riyotgan ko‘pchilik bemorlar kasallik tarqalgan mamlakatlarga tashrif buyurishmagan, o‘tgan yillar davomida esa faqat shunday holatlargina kasallikning tarqalishiga sabab bo‘lgan.

Hozirda gap o‘nlab kasallanganlar haqida ketmoqda. 20 may kuni JSST yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish chaqirdi.

Maymun chechagi o‘zi nima? U xavflimi?

Maymun chechagi — virusli kasallik bo‘lib, odatda rasman 1980 yilda vaksinatsiya natijasida yo‘q qilingan tabiiy chechakka nisbatan yengilroq kechadi. Maymun chechagining birlamchi alomatlari — isitma, qattiq bosh og‘rig‘i, limfa tugunlarining yallig‘lanishi (ko‘plab shunga o‘xshash kasalliklardan asosiy farq qiladigan jihati), bel va mushaklardagi og‘riq, kuchli holsizlik.

Harorat ko‘tarilganidan bir yoki uch kun o‘tgach, bemorda toshmalar paydo bo‘la boshlaydi — asosan yuz, kaft va oyoq qismlarida, shuningdek, shilliq pardalar, jinsiy a’zolar va ko‘zlarda ham paydo bo‘lishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan toshmaning ko‘rinishi o‘zgaradi va suyuqlik to‘lgan pufakchalarga aylanadi. Odatda odamlar 2−4 hafta ichida tuzalib ketadi, ammo o‘lim holatlari ham qayd etilib turadi.

Yaxshi yangilik: maymun chechak virusining ikki turi mavjud va hozirda kuzatilayotgan holatlar «yengilrog‘i» bilan bog‘liq. Afrika mamlakatlarida bu kasallikdan o‘lim darajasi 3,6% ni tashkil qiladi (bemorlarning 10% infeksiyaning yanada og‘ir turidan vafot etishgan). Hammadan ko‘proq bolalar va immuniteti zaif odamlar xavf ostida qolishadi. Ammo shuni hisobga olish kerakki, Afrika mamlakatlaridagi barcha bemorlar ham sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Ya’ni, infeksiya Yevropa va Amerikaga kelgan amaldagi vaziyatda o‘lim darajasi past bo‘lish ehtimoli bor. Hozircha may oyida kuzatilgan maymun chechak virusi bilan kasallanganlarning hech biri vafot etmagan.

Nega bunday bo‘lmoqda?

Bu savolga hech kim javob bera olmaydi. Buyuk Britaniyadagi bemorlardan biri maymun chechagi tez-tez uchrab turadigan mamlakat — Nigeriyadan qaytgani ma’lum bo‘ldi. Biroq Afrikaga tashrif buyurganidan so‘ng u infeksiya tashxisi qo‘yilgan boshqa odamlar bilan muloqot qilmagan. U odamlar ham mamlakatni tark etmagan. Shu bilan birga, maymun chechagi epidemiyasining oldingi kuzatuvlaridan ma’lumki, virus odamdan odamga tanaga tegish orqali yuqishi mumkin. Misol uchun, uzoq suhbat (uch soatdan ortiq) yoki uning biologik suyuqliklariga teginish (masalan, ochiq yara yoki iflos kiyimga tegsangiz) natijasida yuqishi mumkin.

Afrika mamlakatlarida infeksiya asosan kasallangan kemiruvchilarga va yovvoyi hayvonlarning go‘shtiga tegish orqali yuqadi. Hozirda virus avj olgan mamlakatlarda bunday yuqish turining ehtimoli kam.

May oyida kuzatilgan kasallik holatlarining katta qismini erkaklar bilan jinsiy aloqada bo‘lgan erkaklar tashkil qiladi. Ammo virus jinsiy yo‘l bilan yuqadi deb bahslashishga asos yo‘q. Albatta, u jinsiy aloqa paytida ham yuqishi mumkin, ammo bu tanaga tegish orqali bo‘lishining ehtimoli yuqoriroq, shuningdek, virus havo tomchilari orqali ham tarqaladi.

So‘nggi o‘n yilliklarda maymun chechagi bilan kasallanish Afrikada ham, undan tashqarida ham ko‘paydi (jumladan, AQSh va Buyuk Britaniyada). Buni ko‘pincha odamlarning kam foizi chechakka qarshi emlanganligi bilan bog‘lashmoqda (chechakka qarshi emlash 1970−1980 yillarda to‘xtatilgan, chunki bunga zarurat bo‘lmay qolgan: odamlarda chechak kasalligi kuzatilmagan). Vaksina esa odamni uzoq vaqt, hatto o‘nlab yillar davomida himoya qilishi mumkin. Afrikada maymun chechagi epidemiyasi yuz bergan paytda chechakka qarshi emlangan odamlar orasida kasallanganlar soni kamroq kuzatilgan.

Odam aynan maymun chechagini yuqtirib olganini qanday bilish mumkin?

Buning uchun testlar mavjud, ammo ular keng tarqalmagan. JSST teri toshmasidan olingan namunalarni PZR testdan o‘tkazishni ishonchli deya hisoblaydi. Qonni PZR testdan o‘tkazish tavsiya etilmaydi.

Yana pandemiya boshlanishi xavfi bormi?

Buning ehtimoli kam. Ilmiy jurnalist Sonia Shahning «Pandemiya» nomli kitobida Kaliforniya universitetining epidemiologi Enn Rimoyn maymun chechagini «biz uchun ma’lum bo‘lgan yovuzlik» deb ataydi. Odamlar bu kasallik haqida XX asrning o‘rtalaridan beri bilishadi (aslida odamlar bu virus minglab yillar davomida kasallanishgan). Hozirda pandemiyaning oldini olishga yordam beradigan dorilar va vaksinalar mavjud. Xususan, dunyoda chechakka qarshi bir nechta vaksinalar ro‘yxatga olingan va ular katta ehtimol bilan maymun chechagidan ham himoya qiladi — yoki hech bo‘lmaganda kasallikning kechishini osonlashtiradi.

Va hozirgacha bizga ma’lum bo‘lishicha, chechakning odamdan odamga yuqishi qiyin.

Bunga qarshi vaqsina bormi? Ularni qayerdan olish mumkin?

Hozircha, hech qayerda sotilmaydi. Ular kasallik tarqalishining sezilarli xavfi mavjud bo‘lgan hollarda tibbiy tashkilotlar orqali taqdim etiladi. Ko‘pgina mamlakatlarda, epidemiologik vaziyatdan qat’i nazar, faqat chechak yoki maymun chechagi bilan kasallanish ehtimoli ko‘proq bo‘lgan tibbiyot xodimlari (masalan, ba’zi epidemiologlar, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar, virusologlar), shuningdek, chechak bilan kasallangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan bemor (yoki bemorning narsalariga tekkan) bilan aloqada bo‘lgan odamlar emlanadi.

Maqolada yozilishicha, Rossiyada chechakka qarshi to‘rtta vaksina ro‘yxatga olingan (beshinchisi jarayonda). Ikkita vaksina tabletka shaklida ishlab chiqariladi, faqat revaksinatsiya uchun ishlatiladi va faqat kattalar qo‘llashi uchun mo‘ljallangan. Qolgan ikkitasi shprits yordamida yoki teriga surtish orqali qo‘llaniladi.

Kasallik hozircha jiddiy xavf solmayotgan bir paytda barchani emlash — bu bahsli qaror. Vaksinalar nojo‘ya ta’sirga ega bo‘lgani uchun agar emlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, keltiriladigan foyda xavflardan ustun bo‘lishi shartdir.

Agar hozir vaksina olmasak, keyin kech bo‘lmaydimi?

Katta ehtimol bilan — yo‘q. Vaksinatsiyadan so‘ng immunitetning rivojlanishiga 1−2 hafta vaqt ketsa-da, vaksinani organizmga virus tushganidan keyin ham olish mumkin. Ehtimol, agar odam virus yuqtirib olganidan keyin ikki hafta ichida emlangan bo‘lsa ham, bu kasallikdan yoki hech bo‘lmaganda uning og‘ir kechishidan himoya qilishi kerak.

Uni davolash uchun qanday dorilar bor?

AQSh, Kanada va Yevropa Ittifoqida tekovirimat deb nomlanuvchi dori ro‘yxatga olingan. AQSh va Kanadada u faqat chechakni davolash uchun mo‘ljallangan, ammo Yevropa Ittifoqida u maymun chechagini davolash uchun ham ro‘yxatga olingan. AQShda chechakni davolash uchun brinsidofovir preparati ham tasdiqlangan. Rossiyada NIOX-14 preparatini ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Va bakterial asoratlar bilan kurashish uchun antibiotiklarni qo‘llash mumkin.