O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, muloqotda «O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi».

Qayd etilishicha, yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshgan. Ikki davlat rahbarlari ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish, hududlararo aloqalar salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlangan.

Tomonlar mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashgan.

Rossiya prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqot O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan tashkil etilgan.

«Rossiya-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro kayfiyat tasdiqlandi», — deyiladi xabarda.