21 may kuni soat 17:30 larda Toshkent viloyati Chirchiq shahri 4-kichik tumanida 8-sinf o‘quvchilari N. L. va E. A. Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 58 yoshli R.A.ni kaltaklashdi. Holatni 7-sinf o‘quvchisi o‘z telefoniga yozib olgan. Video keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Tasvirda o‘quvchilar erkakni ta’qib qilgani, so‘ng u yiqilganidan keyin ham navbatma-navbat mushtlab, yuziga tepganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, ular bir-birlarini «kel», «ur», «qo‘rqma» degan so‘zlar bilan rag‘batlantiradi. Yozuvda bolalarning so‘kinishlari va kulgilarini eshitish mumkin. Erkakning aytishicha, bolalar qariyb 60 yoshli erkakka qo‘l ko‘targan.

Voqea yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangani haqida viloyat markaziy ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi. Mazkur holat ichki ishlar bo‘limi nazoratiga olindi.

Xabarda aytilishicha, o‘quvchilar jamiyatda o‘zini tutish qoidalarini qasddan buzib, bezorilik qilgan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Video paydo bo‘lgan 23 may kuni voqea ishtirokchilari va ularning ota-onalari ichki ishlar bo‘limiga taklif qilingan. Shu kuni mas’ul xodimlar maktab o‘quvchilari istiqomat qiladigan mahallada bo‘lib, bolalarning ota-onalari va boshqa fuqarolar bilan kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi haqida suhbatlashdi, deyiladi xabarda.