Toshkent xalqaro aeroportiga Nyu-Yorkdan kelib qo‘ngan reysda yo‘lovchi o‘zi bilan shirinliklar ko‘rinishidagi giyohvandlik vositalarini olib kelgani aniqlandi.

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berishicha, voqea 13 may kuni soat 12:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. Gumondor «yashil» yo‘lak orqali o‘tayotganida u bojxona xodimlarida shubha uyg‘otadi.

Nazorat-rentgen uskunasi orqali yo‘lovchining yuklari tekshiriladi va ekranlarda shubhali buyumlar borligi aks etadi.


«Jami 18 ta qadoqda jelatin ko‘rinishidagi saqich, 2 quti konfet va 1 ta qadoqdagi 10 dona shokolad tarkibida kannabis moyi — giyohvandlik moddasi bor ekanligi aniqlandi. Bu mazkur tovarlarning qadog‘ida ham ochiq-oydin aks ettirilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, bojxona ko‘rigi davomida ushbu shaxsning qo‘l yuki va bagajlari orasida ichiga suyuq shakldagi giyohvandlik modda joylashtirilgan va uning ist’emoli uchun xizmat qiluvchi 6 turdagi 14 dona turli qurilma va vositalar, ichiga solingan giyohvandlik vositasini maydalab, kukun holatiga keltiruvchi 1 dona qurilma hamda giyohvandlik vositalarini chekishda foydalaniladigan 4 dona maxsus qog‘oz o‘ramlar borligi ma’lum bo‘ldi.

Qolaversa, yo‘lovchiga tegishli ko‘zoynak g‘ilofi ichida polietilen o‘ramda 1,2 gr «marixuana» yashirilganini aniqlandi.

Yuk egasi esa ushbu giyohvandilk vositalaridan o‘zi uchun davolanish maqsadida foydalanishini va amaldagi tartiblarni bilmasligini aytgan. «Mana bu va bu (saqich o‘ramlaridagi vositalar) qonuniy. Men qo‘lga tushsam hech bo‘lmaganda olib [ahlatga] tashlaydi deb o‘ylaganman», — dedi gumondor.


Bojxona qo‘mitasi «bu uni javobgarlikdan ozod etmasligini» eslatib o‘tdi.

«Afsuski, so‘nggi paytlarda xorijiy mamlakatlarda giyohvandlik vositalari yoki sintetik narkotik moddalarni shirinlik, saqich, konfet yoki shokoladlar ko‘rinishida ommalashtirishga urinishlar kuchaymoqda. Bir qarashda beziyon, shunchaki oziq-ovqat mahsuloti sifatida tassurot qoldiradigan bunday „syurprizlar“ insonlar salomatligini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qolaversa, narkotik moddalar qaysidir mamlakatda erkin muomalada mavjud bo‘lsa, bu uni O‘zbekistonga ham bemalol va bamaylixotir olib kirish mumkinligini anglatmasligi qo‘shimcha qilindi.