O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga binoan, 2022 yil 1 iyundan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 12 foizga oshiriladi. Hujjat aholi turmush darajasini yaxshilash va fuqarolar daromadlarini izchil oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida qabul qilindi.

2022 yil 1 iyundan boshlab:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — 920 ming so‘m miqdorida (hozir 822 ming so‘m);
  • bazaviy hisoblash miqdori — 300 ming so‘m miqdorida (hozir 270 ming so‘m) belgilandi.

Farmon bilan ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilmoqda.