Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib O‘zbekistonga qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Unga ko‘ra, har bir tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida Reintegratsiya markazi tashkil etiladi. Hujjat qabul qilingan kundan boshlab bir oy ichida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Reintegratsiya markaziga 2022 yil yakuniga qadar qaytib kelgan mehnat migrantlari safidan vaqtinchalik asosda bir nafardan yordamchi biriktiriladi, ularning ish haqlari Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.

Reintegratsiya markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanishi ko‘zda tutilgan:

  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga «Yagona darcha» tamoyili asosida manzilli xizmat ko‘rsatish;
  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining ehtiyojlari va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida «labor migration» dasturiy majmuasida ma’lumotlar bazasini yuritish;
  • ma’lumotlar bazasidagi ma’lumotlarni tahlil qilish hamda aniqlangan talab, muammo va ehtiyojlardan kelib chiqib ularni tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish va bajarilishini nazorat qilish;
  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga ularning ma’lumoti, mutaxassisligi, xorijiy davlatlarda orttirgan ish tajribalaridan kelib chiqib bandligini ta’minlashga ko‘maklashish;
  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ularga o‘z biznesini tashkil etishda subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashish;
  • mehnat migrantlari oila a’zolariga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va boshqa tashkilotlar tuman (shahar) bo‘linmalari bilan birgalikda moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil qiladi.

Jamoatchilik muhokamalari 3 iyunga qadar davom etadi.