Toshkentdagi dehqon bozorlarida veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari faoliyati va do‘konlarda sotilayotgan mahsulotlar holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi, deya ma’lum qildi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Alisher Safarov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Uning qayd etishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida poytaxt dehqon bozorlariga 30,6 ming tonna go‘sht, 103 ming tonna o‘simlik maxsulotlari, 163,8 mln dona tuxum, 6,6 ming tonna sut va sut mahsulotlari veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi tomonidan laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilgan. Ularda 6,8 tonna go‘sht va go‘sht maxsulotlari, 43,5 tonna o‘simlik, 89 ming dona tuxum, 4,7 tonna sut va sut mahsulotlari iste’molga yaroqsiz deb topilgan va savdodan chetlashtirilgan, zararsizlantirib yo‘qotilgan.

Qolaversa, 2022 yilning o‘tgan davrida aholi xonadonlarida parvarishlanayotgan 563 ming bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirilib, 7,3 mlrd so‘mlik pullik veterinariya xizmatlari ko‘rsatildi.

Shuningdek, emlash guruhi tomonidan chorva mollarning 22,5 mln boshi va parrandalarning 3,5 mln boshida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash va diagnostik tekshirish ishlari olib borilgan. Bundan tashqari, 10 mln boshdan ortiq mollar ektopazitlarga qarshi profilatik ishlov berilib, chorva mollari saqlanadigan bino va inshoatlarda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari o‘tkazilgan.

Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning o‘tgan davrida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatida hayvonlar orasida oqsil, cho‘chqalar o‘lati, qo‘ylar chechagi, Nyukasla, nodulyar dermatit, kuydirgi, brutsellyoz, quturish va parrandalar orasida yuqori patogenli gripp hamda boshqa tur kasalliklar aniqlangan.

Shuningdek, dunyoning 3 ta davlatida turli hayvon (it, mushuk, norka)larda COVID-19 qo‘zg‘atuvchilari kuzatilgan.