Jizzax shahrida moliyaviy piramidani targ‘ib qilish orqali fuqarolarning 692,3 mln so‘mini qo‘lga kiritgan shaxslar aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura Departamenti matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Departamentning Jizzax shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar Yu. M., Sh. I. va boshqalar 2022 yilning mart oyida Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali Gift Of Legacy nomli o‘yinni o‘tkazib, plastik kartasiga kamida 200 ming so‘m yoki 50 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni o‘tkazib berishsa, qisqa muddatda ushbu mablag‘ni 7−8 barobarga ko‘paytirib berishni va’da qilishgan.

Ular Telegram messenjerida «200 ming so‘mlik va 50 AQSh dollarlik onlayn gap» nomli guruhni tashkil etishib, o‘yin ishtirokchilarining 692,3 mln so‘mini o‘zlari va tanishlarining plastik kartalarga o‘tkazib olishga erishishgan. Pul mablag‘larining bir qismini esa keyingi ishtirokchilar hisobidan dastlabki ishtirokchilar hisobiga o‘tkazib berishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 188−1-moddasi (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.