17 may kuni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bilan vertolyotda uchib, o‘zbek-qirg‘iz chegarasining belgilanmagan qismini ko‘zda kechirdi. Bu haqda Qirg‘iziston MXDQ xabar berdi.

Ikki mamlakat xavfsizlik xizmatlari rahbarlarining uchrashuvi Jalolobod viloyatining Ala-Buka tumanidagi Gavasoy hududidagi chegarada bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, uchrashuv davomida Abdusalom Azizov va Qamchibek Tashiyevturli masalalar yuzasidan fikr almashgan, yig‘ilish yakunida esa «tegishli qarorlar qabul qilingan».

«Uchrashuv yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona formatda bo‘lib o‘tdi», — deyiladi Qirg‘iziston MXDQ ma’lumotida.

Foto




Eslatib o‘tamiz, 2021 yil mart oyi oxirida O‘zbekiston va Qirg‘iziston bahsli chegara hududlarini xatlovdan o‘tkazishga kelishib olgandi.

O‘sha paytda Qirg‘izistonning chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi rahbari Qamchibek Tashiyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari o‘rtasidagi uchrashuv natijalarini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, yuqorida tilga olingan Gavasoy hududi ikki mamlakat kelishuviga muvofiq, qo‘shma dala tadqiqotlaridan so‘ng xatlovdan o‘tkaziladi, bunda Kampir-Obod kanalining qurilmagan chap sohili evaziga Qirg‘izistonga 8000 ga yer qoldiriladi.

Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati rahbarining ma’lumotidan so‘ng, 2021 yilning aprelida Qirg‘iziston aholisi O‘zbekiston bilan yer almashish bo‘yicha kelishuvlardan norozilik bildirib mitinglar o‘tkazgandi. Bunga ikki mamlakat o‘rtasida yer almashish masalasi sabab bo‘lgandi.

Xalq noroziligiga javoban Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «hozirda faqat muzokaralar boshlangani, hech qanday hujjat imzolanmaganini ta’kidlagandi. «To‘rt bosqich o‘tadi, o‘shandan keyingina [hujjat] imzolanadi», — degan edi qo‘shni davlat yetakchisi.