Iroqning Kuruk, Saladin, Vosit va Basra provinsiyalari hamda mamlakatning boshqa hududlari 16 may kuni kuchli qum bo‘ronidan aziyat chekdi, deb xabar berdi Iraqi News Agency. Sariq-to‘q sariq rangli qum va changdan iborat quyuq bulut poytaxt Bag‘dodni qamrab oldi. Mamlakat rasmiylari maktablar, universitetlar, davlat idoralari va aeroportlarni yopishga majbur bo‘ldi.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘ron oqibatida 4000 ga yaqin nafas qisishi holati qayd etilganini ma’lum qildi.

Bu Iroqda aprel oyining o‘rtalaridan beri sodir bo‘layotgan sakkizinchi qum va chang bo‘roni bo‘lib, unga iqlim o‘zgarishi natijasida tuproq degradatsiyasi, yog‘ingarchilikning kamayishi va kuchli qurg‘oqchilik sabab bo‘ldi, deb yozmoqda AlArabiya. Dajla va Furot o‘rtasida joylashgan Iroq daryolar oqimining kamayishi, o‘rmonlarning yo‘qolishi va tuproq degradatsiyasi tufayli iqlim o‘zgarishi hamda cho‘llanish oqibatlari oldidagi eng zaif davlatlar qatoriga kiradi.

Aprel oyida Iroq Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi vakili mamlakatni kelgusi yigirma yil davomida yiliga «272 changli kun» kutib turishi mumkinligidan ogohlantirdi, deb yozmoqda France24.

5 may kuni Iroqda ro‘y bergan avvalgi bo‘ron paytida bir kishi halok bo‘lgan, 5 mingga yaqin aholi nafas olish tizimidagi muammolar bilan kasalxonaga yotqizilgan edi.