Shanba kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan vazifalar bajarilishi holati yuzasidan O‘zgidromet xizmati markazi bosh direktori Sherzod Xabibullayevning axboroti eshitildi.

Uning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari global miqyosga ega bo‘lib, O‘zbekiston hududida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

«Birgina Orol dengizi falokati natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi dunyo ko‘rsatkichlaridan 2 barobar jadalroq kechmoqda. Daryolar suvini shakllantiruvchi muzliklarni tobora erib borishi, chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda», — deya Sherzod Xabibullayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Senat matbuot xizmati.

Foto: Senat matbuot xizmati

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Iqlim o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoqilg‘i-energetika, sanoat, qurilish tarmoqlaridan tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarni keskin kamaytirish maqsadida hozirda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha keng qamrovli strategiya, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish dasturi hayotga tatbiq etilmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari, qurilish va energiya tejamkorligini oshirish yuzasidan qabul qilingan strategik dasturlar va ularni ijrosi O‘zgidromet tomonidan hisob-kitoblar va tadqiqotlar asosida tahlil qilingan. Natijada, O‘zbekiston Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida 2030 yilga yalpi ichki mahsulotga nisbatan issiqxona gazlari ulushini 35% kamaytirishga erishiladi, deyiladi xabarda. Shuningdek, Iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi kiritilgan 51 ta tadbirdan hozirda 16 tasi to‘liq bajarilgan.

Jumladan, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 700 gektardan ortiq maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etilgan. Chorvoq suv ombori yuqori qismida 66 gektar maydonda yong‘oq va bodom daraxt turlaridan o‘rmonzorlar barpo etilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarida shamol va suv eroziyasidan himoya qilish uchun 500 gektarda ixota daraxtzorlari tashkil etilgan.

Ta’kidlanishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qiymati 993 mln so‘mlik loyiha, shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida tuproq sho‘rlanishi va iqlim o‘zgarishiga qarshi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda Orolbo‘yi mintaqasi sho‘rlangan yerlarida ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan 664,2 mln so‘mlik 2 ta startap loyiha moliyalashtirilgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi issiqxona gazlari ajratmalarini kamaytirish bo‘yicha olib borilgan tahlillar natijasida respublikada yiliga qariyb 1,0 mln tonna tashlanmalar turg‘un manbalardan tashlanishi, shundan, 21,3 foizi energetika sohasi hissasiga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Bundan tashqari, sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021 yilda Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan. Qoraqalpog‘istonda 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishi boshlangan, deyiladi xabarda.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda vazirliklar va idoralar tomonidan qisqa va o‘rta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan ayrim tadbirlarni bajarilishida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi. Jumladan, O‘zbekistonning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risidagi 2022−2030 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish ishlari oxiriga yetkazilmagan. Bundan tashqari, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish hamda yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi issiqxona gazlar ajratmalarini kamaytirish imkoniyatlarini o‘rganish borasidagi ishlar ham oxiriga yetkazilmagan.

Ta’kidlanishicha, iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurilishda texnik normativlarni qayta ko‘rib chiqish «Yangi qurilish qoidalari»ni tasdiqlash tadbiri yakunlanmagan. Senatorlar tomonidan o‘z vaqtida bajarilmagan vazifalarni oxiriga yetkazish va boshqa masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriq, tegishli taklif va tavsiyalar berildi. Xususan, «O‘zbekiston shamol atlasi»ni hamda «O‘zbekiston quyosh atlasi»ni ishlab chiqish shular jumlasidandir, deyiladi xabarda.