«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tomonidan so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududini qamrab olgan Ustyurt hududida 5 ta yangi — «Besqala», «Quyi Surgil», «Oraliq», «Kushqair», «G‘arbiy Quyi Surgil» va «Quyi Sharqiy Berdaq» gazkondensat konlari ochildi. Bu haqda kompaniya tomonidan tashkil etilgan presstur davomida ma’lum qilindi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Tashkil etilgan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari natijasida 18 ta yangi maydon burg‘ilash ishlariga kiritildi, 183 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlari bajarildi va 50 ga yaqin yangi quduqlar qurilishi tugatildi. Natijada 44 mlrd kub metrdan ortiq tabiiy gaz hamda 2,6 mln tonnadan ziyod suyuq uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirishga erishildi.

Shunday qilib, hududda ochilgan konlar soni 25 taga yetkazildi, ularning umumiy zaxiralari 395,6 mlrd kub metr tabiiy gaz, 96 mln tonna neft va 14,6 mln tonna gaz kondensatini tashkil qiladi. Ustyurt hududida, bundan tashqari, S3 kategoriyali resurslari 500 mln tonnadan ortiq bo‘lgan 35 dan ortiq neft va gazga istiqbolli yangi maydonlar ham aniqlangan.

«Sharqiy Berdaq» gaz konining 115-sonli qudug‘i. Foto: Sanjar Said / «Gazeta.uz»

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasining Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan so‘nggi ikki yil davomida 73 ta (37 ta va 36 ta) quduq burg‘ilandi, 123 ta (67 ta va 56 ta) quduq kapital ta’mirlandi, 10 ta (5 ta va 5 ta) texnologik obyekt qurilib, ishga tushirildi. Natijada qo‘shimcha tarzda 2 mlrd 319,9 mln kub metr (966,9 mln kub metr va 1 mlrd 353 mln kub metr) tabiiy gaz hamda 54,5 ming tonna (23,9 ming tonna va 30,6 ming tonna) gaz kondensati qazib chiqarildi.

Xususan, press-tur doirasida jurnalist va blogerlar «Shimoliy Berdaq» koni 115-sonli quduqda burg‘ulashdan keyin sanoat miqyosida olingan tabiiy gaz oqimi parametrlari bilan tanishdi. Mazkur uchastkada burg‘ulash ishlari 2021 yil dekabrda boshlanib, 28 mart kuni yakunlangan. Ayni paytda 2750 metr chuqurlikdan kuniga 150 ming kub metr gaz olinmoqda.

Bu kabi quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gazlar «Sharqiy Berdaq» va «Arslon» gazni kompleks tayyorlash qurilmalariga yuboriladi. Jumladan, «Sharqiy Berdaq» gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga (GKTQ) Shimoliy, Sharqiy, Quyi Sharqiy Berdaq, Quyi Surgil, Arslon va Inom gaz konlaridan jami 166 ta quduqdan tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Bu yerda esa kuniga o‘rtacha 6,5−7,5 mln kub metr tabiiy gaz hamda 120−130 tonna gaz kondensati ishlab chiqarilmoqda.


«Arslon» GKTQ. Foto: Sanjar Said / «Gazeta.uz»

«Arslon» GKTQda esa jami 6 ta quduqdan tabiiy gaz yetkazib berilmoqda va kuniga o‘rtacha 3,8−3,9 mln kub metr,7−10 tonna gaz kondensati ishlab chiqarilmoqda.

Shunday qilib, 2021 yilda boshqarmaning tabiiy gaz va gaz kondensatini qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘ldi:

  • tabiiy gaz — 3 mlrd 873,9 mln kub metr (o‘sish — 124,3 foiz);
  • gaz kondensati — 53 ming tonna (100,2 foiz).

Joriy 2022 yilda esa boshqarma tomonidan qariyb 4,7 mlrd kub metr tabiiy gaz va 65 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda boshqarmaga qarashli 8 ta konda («Sharqiy Berdaq», «Shimoliy Berdaq», «Quyi Sharqiy Berdaq», «Quyi Surgil», «Arslon», «Inom», «Dali», «G‘arbiy Quyi Surgil») bir kunda — 13,1 mln kub metr tabiiy gaz (2019 yilga nisbatan 7,9 mln kub metrga ko‘p) va 115 tonna gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.

Ta’kidlanishicha, «O‘zbekneftgaz» AJ mutaxassislari tomonidan chuqur seysmik ma’lumotlarni tahlil qilish natijasida Ustyurt hududida ayrim quduqlarning qurilish konstruksiyalariga o‘zgartirishlar kiritildi va loyihaviy chuqurlikka nisbatan qo‘shimcha burg‘ilash ishlari olib borildi. Natijada quduqlardan kutilgan mahsulotga nisbatan 4−5 barobar ko‘p miqdordagi tabiiy gaz oqimi olinishiga erishildi.


«O‘zbekneftgaz» ishchilari. Foto: Sanjar Said / «Gazeta.uz»

Jumladan, «Quyi Surgil» 6, 14, 20-sonli va «Sharqiy Berdaq» 96, 63-sonli quduqlarning har biridan kunlik debiti 1 mln kub metrgacha bo‘lgan gaz oqimi olindi. Quyi yura qatlamlariga qazilayotgan yuqori mahsuldor quduqlarni burg‘ilashda atrofida ishlayotgan quduqlar holati, konning amaldagi geologik va gidrodinamik modellarini chuqur o‘rganib chiqqan holda quduqlar o‘rni belgilangan.

«Quyi Surgil», «Sharqiy Berdaq» konlarining ostki chuqur qismida tabiiy gaz zaxiralariga ega bo‘lgan yangi qatlamlarning aniqlanishi «O‘zbekneftgaz» AJ mutaxassislari uchun geologiya-qidiruv, konlarni o‘zlashtirish borasidagi yangi yo‘nalishlarni ochib berishi bilan bir qatorda, Ustyurt regioni bo‘yicha tabiiy gaz, gaz kondensati zaxiralarini o‘stirishga qaratilgan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatib berdi.

2022 yilning yanvar-aprel oylarida boshqarma tomonidan 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, o‘sish sur’ati 2021 yilning mos davriga nisbatan 130,6 foizni tashkil etdi. Uglevodorodlarni qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi hisobiga 8 ta quduq burg‘ilandi, 14 ta quduq mukammal ta’mirlandi, 2 ta texnologik obyektlar qurib ishga tushirildi. Natijada qo‘shimcha 126,2 mln kub metr tabiiy gaz va 2,8 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.

Boshqarmada amalga oshirilayotgan texnologik obyektlarni ishga tushirishda jamiyatning ichki imkoniyatlaridan keng foydalanish alohida e’tiborga molik, masalan, «Arslon gazni kompleks tayyorlash qurilmasi»ni 1 ta qo‘shimcha kunlik 3 mln kub metr gazni tayyorlash quvvatiga ega bo‘lgan texnologik tarmog‘ini qurish loyihasini ichki imkoniyatlardan kelib chiqib qurishga qaror qilindi. Buning uchun Muborak, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari hamda zavodlarning texnologik uskunalaridan foydalanish belgilandi. Natijada ushbu loyihani amalga oshirishda ishlab chiqarilishi talab etiladigan 16 ta texnologik uskunani tayyorlab, yetkazib berish uchun sarf etiladigan moliyaviy mablag‘larni tejashga erishiladi.


«O‘zbekneftgaz» AJ Ustyurt GQCHB shtabi, Mo‘ynoq tumani. Foto: Sanjar Said / «Gazeta.uz»

2022 yilda belgilangan reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash maqsadida boshqarmadagi mavjud «Sharqiy Berdaq» siquv kompressor stansiyasi va gazni kompleks tayyorlash qurilmalarini modernizatsiya qilish, yangi maydonlarni o‘zlashtirish va gaz quvurlarining o‘tkazish quvvatlarini oshirish uchun gaz quvurlarini qurish kabi texnologik chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Boshqarma tomonidan 2022 yilda tabiiy gaz qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan jami 74 ta geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda 25 ta yangi gaz qudug‘ini burg‘ilashdan ishga tushirish, 44 ta mavjud gaz qudug‘ida mukammal ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarini olib borish hamda 5 ta texnologik obyektlarni ishga tushirish va ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida qo‘shimcha 1,14 mlrd kub metr tabiiy gaz hamda 19,5 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish rejalashtirilgan.