Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi 4-maktab o‘quvchisi kaltaklanganligi aks etgan videolavhalar tarqaldi. Vaziyat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lumot berdi.

22 aprel kuni bo‘lgan voqeada Bandixon tumanigi 4-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisi dars mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelganligi uchun uni urgan. Holatni dars xonadagi boshqa o‘quvchilar tasvirga olgan.

Tuman IIB holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

«Tekshirish doirasida o‘qituvchining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Surxondaryo viloyati prokuraturasi tekshiruvni alohida nazoratga olgan», — deyiladi bayonotda.

Mazkur holatga Xalq ta’limi vazirligi ham munosabat bildirib, o‘quvchilarga kuch ishlatish holatini keskin qoralashini ma’lum qildi.

«Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarga kuch ishlatish holatini keskin qoralaydi. Bugungi zamon o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan faqat do‘stona munosabat o‘rnatish orqali natijaga erishish mumkinligini taqozo etadi. Har bir o‘quvchi bilan muammoni birgalikda ijobiy hal etish — bugungi kun pedagogining burchi hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, agar do‘stona munosabat orqali natijaga erishishning imkoni bo‘lmasa buni hal etish uchun bolaning ota-onasi yohud uchastka noziri jalb etish to‘g‘ri sanaladi.

Vazirlik maktabda bunday holatlarning barcha ko‘rinishlarini bartaraf etib, o‘qituvchilarni bosiqlikka va o‘zaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdi.