Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida huquq-tartibot idoralari hokim yordamchisini pora olayotgan vaqtda qo‘lga oldi, deb xabar berdi «Daryo».

U Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyati filialiga feldsher bo‘lib ishga joylashtirish uchun Qarshi viloyatida yashovchi fuqarodan 300 AQSh dollarini olgan.

G‘uzor tumani hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan E. F. bungacha viloyat bandlik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan, 12 yanvardan beri «Jonbulok» mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelgan.

«Uni hokim yordamchisi sifatida ishga olishda avvalgi ish joyidan olingan ijobiy ma’lumotnoma inobatga olindi», — deyiladi xabarda.

2022 yilning o‘tgan davrida hokim o‘rinbosarlari tomonidan yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash, aholi ehtiyojini qondirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Korrupsiyaning oldini olish maqsadida hokim yordamchilari faoliyati tuman hokimligi, sektorlar rahbarlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi tomonidan doimiy nazoratga olingan, deyiladi xabarda.

Mazkur lavozim egalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Uchrashuvlar davomida ulardan kafolat xatlari olindi.

Tuman hokimligi hokim yordamchisi E. F. ning 12 may kuni 300 dollar pora olayotganlikda gumonlanib qo‘lga olinganini tasdiqladi.

Hokimlik «hokim yordamchisi avvalgi ish joyidagi imkoniyati tufayli pora olgani, hozirgi lavozimida esa unga bunday vakolatlar berilmagani»ga aniqlik kiritdi.

Shuningdek, «Hokimlik tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatini oqlamaydi, balki bu jinoiy harakat hokim yordamchisining faoliyatiga aloqador emasligini ta’kidlaydi», — deyiladi xabarda.

Hozirda tergov harakatlari Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.