Prezidentning Farg‘onaga 12−13 may kunlari tashrifi arafasida fermer hokim ustidan arz qilib, videomurojaat yo‘lladi. Mazkur murojaatni Facebook`dagi sahifasida tarqatganligi uchun «Buvayda ko‘zgusi» gazetasi jurnalisti Sharifa Murod ham bosimlarga uchradi. Holat Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan o‘rganilmoqda.

10 may kuni «Buvayda ko‘zgusi» gazetasi jurnalisti Sharifa Murod o‘zining Facebook`dagi sahifasida prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifini hammadan ko‘ra buvaydalik fermer Iqboljon Meliboyev ko‘proq kutayotgani, uning Buvayda tuman hokimidan arzi borligini yozib qoldirdi.

«Endi yerni yer qilib, daromadga kirganimda tuman hokimi meni qo‘rqitib, agrotexnik tadbirlarni bajarganingdan so‘ng arizangni yirtib yuboraman deb aldab ariza yozdirib olib, meni xonavayron qildi. Meni to‘qqiz yildan buyon qilgan xarajatimni kim to‘laydi? Bundan ko‘ra, tuman hokimi Behzod Ibragimov uyimni yoqib yuborsa yaxshi edi… Bola-chaqamni endi qanday boqaman… Shuncha yil fermer bo‘lib aqalli uyimni ham tuzatmaganman. Bir yil elektr tortsam, bir yil ariq qazitganman, bir yil nasos sotib olganman», — deya fermerning so‘zlarini keltirmoqda Sharifa Murod.

Videomurojaatda «Sherxon-Shohjahon-Dadaxon» fermer xo‘jaligi rahbari 2013 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgani, ish boshlaganida mazkur hududda suv bo‘lmaganligi, 2016 yilgacha 6 ta nasos qo‘yib, sug‘orish tizimini yaratganini qayd etdi.

«8 avgust kuni ikkita konturimni o‘t bosib qolib, o‘tdan tozalayotganimda, Buvayda tumani hokimi Behzod Ibragimov Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Alibek Tursunov bilan kirib keldi. „Meni viloyat hokimligi oldida uyaltirding, ariza yoz“ dedi. Men sharoitimni tushuntirdim, kasal bo‘lib qolgandim, yetkazib olaman, farzandlarim ham kichkina, 2 kunda agrotexnik tadbirlarni tugataman hokim buva, deb aytdim. Tuman hokimi o‘rinbosari Mo‘ydin Yo‘ldoshev ham [arizani keyin] yirtib tashlaymiz, yozib ber, dedi», — dedi u.

U o‘z arizasida bosim ostida sanani ko‘rsatmagani va pechat ham qo‘yib berganini qo‘shimcha qildi.

«Ular bergan va’damga ishonishmadi va jami 79,3 gektar yer maydonini tuman zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida dalani o‘zida o‘zlari aytgan tartibda majburiy bosim ostida ko‘plashib ariza yozdirishdi», — dedi Iqboljon Meliboyev.

Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng, agrotexnik ishlarini bajarish maqsadida 20−30 ta yollanma ishchi jalb qilib, barcha kamchiliklarni bartaraf etadi, tuman hokimiga va qishloq xo‘jaligi bo‘limiga shaxsan uchrashgan holda qayta borib ko‘rishlarini, agrotexnika ishlar to‘liq bajarilganini aytadi va shu bo‘yi yana dalada ish bilan band bo‘lib qoladi.

Ta’kidlanishicha, fermer 1 aprel kuni paxtani ekkan, 8 aprel kuni esa Farg‘ona viloyati hokimining qarori bilan uning fermer xo‘jalik yerlari davlat zaxirasiga o‘tkazilgan.

«Viloyat hokimini qidirib bordim, lekin uchrasha olmadim. Sizni (prezident nazarda tutilmoqda — tahr.) kelishingizni eshitib, xursand bo‘lganimdan video orqali murojaatimni yetkazmoqchiman. Fermer bo‘lganimdan beri paxta rejasini bajaraman deb, qancha mol, qo‘yim, donim ketdi, rejalarni bajarib kelayapman. 2021 yilga qadar yildan-yilga 20 tonnadan 80 tonnagacha ortig‘i bilan bug‘doy rejasini bajarib keldim. O‘tgan yili kasal bo‘lib qolganim uchun mana shunday qilib yerimni olib qo‘yishayapti», — dedi fermer.

Iqboljon Meliboyev so‘zi yakunida adolat izlab davlat rahbariga murojaat qilishga majbur bo‘lgani va ushbu holatni hal qilishda yordam berishini so‘ragan.

«Siz [prezident] chiqarayotgan farmon va qonunlarning bu hokim uchun hech qanday ahamiyati yo‘q. Ukam viloyat prokuraturasida ishlaydi, falonim administratsiyada ishlaydi, deb maqtanib fermerlarni xonavayron qilayapti», — deya qo‘shimcha qilgan Iqboljon Meliboyev.

Mazkur murojaatni o‘z sahifasida yoritgan Sharifa Murod quyidagicha izoh ham qoldirdi: «Buvayda tumani hokimi Behzod Ibragimov faoliyati haqida juda ko‘p salbiy fikrlar eshitgandimu, ammo uning bu qadar yuraksiz va hissiz ekanligini bilmas ekanman».

Jurnalistga bosim

Sharifa Murod.

Mazkur holatdan so‘ng, jurnalist Sharifa Murodga ham bosim o‘tkazildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buvayda tumani hokimligi axborot xizmati Shavkat Mirziyoyevning tashrifi arafasida tuman obro‘sini tushirganlikda ayblagan.

«Nimaga odamlar bunaqa?! Hozirgina mendan ishdan bo‘shash haqida ariza yozishimni talab qilishdi. Negaki, men tashrifdan avval Buvayda tumani obro‘sini tushirib (haqiqatni aytganim uchun) g‘alamislik qilibman. Buvayda tumani hokimligi axborot xizmati rahbari meni „tuzimni yeb, tuzlug‘iga tupirding“, deb ayblamoqda. Postni olib tashla deb talab qilmoqda. Gudbay so‘z erkinligi» — deb yozadi Sharifa Murod.

Qolaversa, jurnalist boshqa bir postida avvalambor ichki senzura kuchli ekanligini ham ta’kidlab o‘tdi.

«Ha, цензuра qalbimizda yashayapti. Har bir murojaatni va muammoni ming marta o‘ylab, ming marta faktlarni tekshirib, ming marta elakdan o‘tkazib keyin zo‘rg‘a ommaga havola etamiz. Shundayam yana bosimga uchraymiz! O‘zimizning senzurani zo‘rg‘a yo‘qotganimizda shunaqa ishlar ham bo‘lib turadi», — dedi u.

Buvayda tumani hokimligi axborot xizmati rahbari, «Buvayda ko‘zgusi» gazetasi bosh muharriri Aziza Soliyeva «Gazeta.uz»ga bergan izohida jurnalist bilan o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelgani va hozirda muammo bartaraf etilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi kasbiy bahslar tez-tez bo‘lib turadi, biroq, hech qachon jiddiy tus olmagan.

«Gazeta.uz» bilan suhbatda jurnalist ham ariza yozmagani va rahbariyati bilan yuz bergan tushunmovchilik bartaraf etilganini ta’kidladi. «Bugun ishdaman. Men hurmat qiladigan boshlig‘im, tinib-tinchimas, haqiqatparast jurnalist Azizaxon Soliyeva meni hech nima bo‘lmagandek kutib oldi va topshiriqlarni berdi. Joylarga maqola tayyorlash uchun chiqib ketayapman», — dedi Sharifa Murod.

Farg‘ona viloyati hokimligi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.

«Avvalo, shuni qayd etish lozimki, jurnalist o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash huquqiga ega. Tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmasligi qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlaydi», — deyiladi xabarda.

Sharifa Murodning ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishi uchun ishdan bo‘shatishga urinish bilan bog‘liq holat mas’ul idoralar tomonidan oxirigacha o‘rganib chiqiladi. «Жuрналистлик faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi tasdiqlanadigan bo‘lsa, bunga yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Bundan tashqari, Buvayda tumanidagi fermerning yeri tuman zaxirasiga qaytarilishining qonuniyligi bilan bog‘liq masalani o‘rganib chiqish uchun viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruh shakllantirilgani va o‘rganish natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi qayd etildi.

Jamoatchilik munosabati

Adliya vazirining maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova ham holat yuzasidan o‘z fikrini bildirib, ushbu ikki murojaatni u ham olib chiqayotganini aytib, bir qancha savollar bilan yuzlandi: «Bosim qilasizlarmi menga ham? Qayergacha bormoqchisizlar bu usullar bilan? Hammaga bosim qilib erishgan natijangiz shu bo‘ladiki, oxiri fermerning ohi prezidentga yetib boradi. Qonunan ishlasanglar bo‘lmaydimi?».

«Fermerlarni o‘z holiga qo‘yinglar, odamlar kambag‘allikdan chiqsin. Jurnalistdan qo‘lingizni torting», — deb yozib qoldirdi bloger.

O‘zbekiston MTRK jurnalisti Sharofiddin To‘laganov esa shu kabi holatlar islohotlarga zid ekanligini ta’kidlagan.

«Amaldorlar qachon feodallarcha fikrlashdan qutiladi? Bu boshlangan islohotlarga tushov emasmi? Farg‘onada jurnalist Sharifa Murod bosim ostida. Tavba deyishdan boshqa so‘z topa olmadim», — deydi u.