Mart va aprel oylarida rossiyaliklar orasida televideniyeni eng ishonchli axborot vositasi deb hisoblovchilar kamayib, Telegram kanallar va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ishonch ortdi. Bu haqda GroupM xalqaro reklama guruhi ma’lumotlariga asoslangan holda «Kommersant’» nashri xabar bermoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, media sohasidagi iste’mol ko‘rsatkichlari inqiroz davrida doimo o‘zgaradi. Shunday bo‘lsa-da, daromad nuqtai nazaridan «Pervыy kanal», «Rossiya-1» va NTV telekanallarida Amerika kompaniya va tuzilmalarini reklama qilishning taqiqlanishi muhim omil hisoblanadi.

GroupM’ning Rossiyada mart-aprel oylaridagi media iste’molini o‘rganish natijalariga ko‘ra, 17 martda 33% respondentlar aynan televideniyeni o‘zlari ishonadigan axborot manbasi deb tan olishgan bo‘lishsa, 27 aprelga kelib ushbu ko‘rsatkich 23% gacha pasaygan.

Respondentlarga berilgan savol quyidagicha edi: «Agar voqealar turli xil OAVlarda yoritilayotgan bo‘lsa, siz birinchi navbatda qaysi turiga ishongan bo‘lardingiz?». So‘rovnomada 1,7 ming respondent qatnashgan bo‘lib, buning uchun Rossiya Federatsiyasining aholisi 100 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlarda istiqomat qiluvchi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tanlab olingan.

Hammasidan ko‘proq televideniyega bo‘lgan ishonch katta shaharlarda istiqomat qiluvchi rossiyaliklarda pasaygan. Moskva va Sankt-Peterburgda istiqomat qiluvchilar orasida mart oyida 27% respondentlar TVni tanlashgan, ammo aprel oxiriga kelib ushbu ko‘rsatkich 21% ga tushgan.

Shunday bo‘lsa-da, ta’kidlanishicha, yangiliklarni yorituvchi telekanallarga bo‘lgan ishonch hamon yuqori bo‘lib qolmoqda. Ammo 14−20 fevraldan 18−24 aprelgacha bo‘lgan davr oralig‘ini olsak, ba’zilarining reytingi pasaygan. Mediascope ma’lumotlariga ko‘ra, «Pervыy kanal»ning televizion reytingi (sutka davomida kamida 1 daqiqaga ma’lum bir telekanalni yoqqan tomoshabinning ushbu telekanalni tomosha qilish uchun sarflagan o‘rtacha kunlik vaqti) 18% ga, ya’ni 1,46 daqiqagacha kamaygan bo‘lsa-da, «Rossiya 1» telekanalining ko‘rsatkichi o‘zgarishsiz qolgan, «Rossii 24» da esa reyting 55% ga, ya’ni 0,59 daqiqagacha oshgan.

Internet OAVlarga va rasmiy saytlarga nisbatan ishonch ham pasaygan: 17 martda so‘rovnomada ishtirok etgan 26% rossiyaliklar ularni ishonchli manba deb atagan bo‘lsa, 27 aprelga kelib bu ko‘rsatkich 23% gacha pasaygan.

Shu bilan birga, 45 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan rossiyaliklar, aksincha, internet OAVlarga ko‘proq ishona boshlashgan: mart oyida ularni 20% rossiyaliklar ishonchli manba sifatida tan olishgan bo‘lishsa, aprel oyi oxirida internet OAVga ishonch bildirganlar soni 25% gacha oshgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar va Telegram kanallariga ishonuvchilar soni 19% dan 23% gacha ko‘paygan.

Inqirozli vaziyatlarda axborot manbai sifatida televideniyega bo‘lgan ishonchning pasayishi doimo kutiladigan vaziyat, deydi ECI Media Management’ning Rossiyadagi idorasi direktori Dmitriy Kurayev. «Xuddi shunday holat pandemiya boshida ham kuzatilgan edi», — deydi u.

8 may kuni AQSh «Pervыy kanal», «Rossiya-1» va NTV telekanallariga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Amerika kompaniyalariga ushbu OAVlarda reklama qilinish taqiqlangan. Bu telekanallar daromadiga kuchli ta’sir qilishi mumkin, deydi Dmitriy Kurayev. 10 mart kuni PepsiCo, Procter & Gamble, L’Oreal Groupe va boshqa bir qator kompaniyalar reklama investitsiyalarini to‘xtatishini e’lon qilishgan edi. Biroq, Kurayevning ta’kidlashicha, amerikalik reklama beruvchilarning katta qismi bu paytga qadar kuz mavsumi uchun reklama budjetini o‘tkazib bo‘lishgan va «endi bu pullar, katta ehtimol bilan, qaytarilmaydi».