10 may kuni Adliya vazirligi «Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Hujjat 5 ta bob, 31 ta moddadan iborat.

Loyihaga ko‘ra, davlat tashkiloti xodimi yoki uning yaqin qarindoshi aksiyadori, muassisi (ishtirokchisi), boshqaruv organi a’zosi hisoblanadigan yuridik shaxs ushbu xodimlarga aloqador shaxs hisoblanadi.

Davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi tartibga solishda vakolatli organlar, ya’ni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari belgilanmoqda.

Davlat tashkiloti xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ma’lum qilish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

  • manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish;
  • mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish.

Davlat tashkiloti xodimining yaqin qarindoshlari va unga aloqador bo‘lgan shaxslar mazkur xodimning mehnat qilayotgan tashkiloti bilan huquqiy munosabatga kirishayotganida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabar berishi lozim.

Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari belgilanmoqda. Xususan:

  • davlat tashkilotlari xodimlarining har bir holatda manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi BHMning 3 baravardan 5 baravarigacha (takroran bo‘lsa — BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha);
  • mansabdor shaxslarining ushbu vaziyatlarni tartibga solmaganligi BHMning 5 baravardan 10 baravarigacha (takroran bo‘lsa — BHMning 10 baravardan 15 baravarigacha) jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin;

Bundan tashqari, ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda. Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar bekor qilinishi sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi, shuningdek ushbu qarorlar haqiqiy emas deb topilgan taqdirda olingan foyda sud tartibida davlat daromadiga o‘tkazilishi qayd etilgan.

Mazkur qonun loyihalari qabul qilinsa, davlat tashkilotida davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir qilinishi oldi olinishi hamda xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi 3 ta indeksda O‘zbekiston pozitsiyasiga ijobiy ta’sir etishi kutilmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.

Loyiha Oliy Majlis palatalari tomonidan ma’qullanib, prezident imzolagan taqdirda, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi muhokamalari 25 mayga qadar davom etadi.