2021 yil davomida barcha tarmoqlarda mehnat sohasiga oid 52,5 mingta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu haqda Senat yig‘ilishida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan berilgan hisobotda keltirilgan.

Inspeksiya mutaxassislari majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 75 nafar mansabdor shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan 912 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘lladi.

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarning:

  • 34 nafari xalq ta’limi muassasalari rahbarlari (maktab direktorlari);
  • 9 nafari sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari;
  • 5 nafari transport sohasida;
  • 6 nafari obodonlashtirish boshqarmalari rahbarlari;
  • 4 nafari bank sohasi rahbarlari;
  • 5 nafari tuman, shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari;
  • 5 nafari tadbirkorlik va qurilish sohasining ma’sul rahbarlari;
  • 7 nafari boshqa sohadagi rahbarlar.

Senat raisi Tanzila Narbayeva mazkur statistikaga bir necha kun avval, mahalliy internet-nashrlarida, Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalaridan majburiy mehnatga jalb etilganini misol qilib keltirdi.

“…Ayrim mutasaddi rahbarlar hali ham eskicha fikr, eskicha qarashlar bilan yurganligi achinarli, albatta. Qachongacha tushuntirish ishlarini olib borish kerak? Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga mutlaqo zid holat bu. Ushbu holat joyiga chiqib o‘rganildi va universitetning mutasaddi xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ham ko‘rildi. Ammo bir narsani yaxshi anglab olishimiz kerak, biz bunday holatlarni qoralaymiz, bitta holat bo‘lsa ham — bu jinoyat. Shuning uchun bu kabi holatlarga to‘liq barham berish, mutasaddi rahbarlar mas’uliyatini yanada oshirishi kerak”, — dedi u.

Qolaversa, paxta mavsumida olib borilgan monitoring natijasida mehnat qonunchiligi talablarini buzgan 65 nafar (2020 yilda — 231 nafar) mansabdor shaxslarga ham 49 va 51-moddalari bilan ma’muriy jarimalar (849 mln so‘m) qo‘llanilgan.

Xususan, 5 ta holatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganligi, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 14 ta holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lanmaganligi bo‘yicha tegishli mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganligi uchun 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi, 5 ta holatda huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

2021 yilgi paxta mavsumida majburiy mehnat holatlari eng ko‘p Jizzax viloyatida aniqlandi, ya’ni respublika bo‘yicha qayd etilgan holatlarning 72 foizi (3 tasi) ushbu hududga to‘g‘ri keldi, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 1 tadan holat qayd etildi.

Shuningdek, yil davomida ma’muriy sudlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) asosan 5 nafar shaxsga nisbatan 5 ta ish ko‘rilgan hamda 5,2 mln so‘m miqdorda jarima jazosi tayinlandi.