O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘izistonning uch fuqarosiga qarshi qurol ishlatgan. Bu haqda kloop.kg nashri Qirg‘izistonning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga asoslanib xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 5 may kuni Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining Jalolobod viloyatining Ala-Buka tumani Dobo-Qo‘rg‘on hududidagi qismida sodir bo‘lgan.

«48, 22 va 24 yoshli 3 nafar qirg‘izistonlik yaralangan. Ular Ala-Buka tumani kasalxonasiga yetkazilgan va o‘sha yerda o‘ziga kelmay vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Chegara xizmatining xabar berishicha, ikki davlat vakillari vaziyatga oydinlik kiritish uchun uchrashgan. Ular ichki tekshiruvlar natijalariga ko‘ra uchrashuvni 6 may kuni davom ettirishga kelishib olgan. Voqea yuzasidan tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bir oy oldin, aprel oyida O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston hududidan noqonuniy yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslarga qarata o‘q uzgani haqida yozgan edik. Ularning ikki nafari halok bo‘lib, qolganlari Qirg‘iziston ichiga qochib kirgan edi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, halok bo‘lgan fuqarolar asli o‘zbekistonlik bo‘lgan, 2012 yilda Qirg‘iziston fuqaroligini olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular O‘zbekiston pasportini o‘zlari bilan olib yurgan.