Endilikda «Toshkent» xalqaro aeroportiga kelgan yo‘lovchilar o‘z bagajlarini onlayn-efir orqali tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu haqda Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bagaj bo‘linmasidan olingan video uchish zalida ikki tomondagi yuk lentalarining tepasiga o‘rnatilgan monitorlarda ko‘rsatiladi.

«Bu dunyoning ko‘plab aeroportlarida qo‘llanilayotgan tajriba. Bagaj lentaga tushiriladi va har bir kishi o‘z narsalariga qanday munosabatda bo‘layotganini ko‘rishi mumkin», — deydi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Uning ta’kidlashicha, bu yukchilarni ham intizomga chaqiradi, chunki ular kameralar orqali video uchib kelish zalida ko‘rsatayotgani haqida ogohlantiriladi.

Bundan tashqari, Uzbekistan Airports Handling hendling kompaniyasi bagajni kutish vaqti o‘rtacha 20 daqiqadan oshmasligi kerakligiga e’tibor qaratayotgani aytildi.

«Toshkent» xalqaro aeroportida bunday yangilik ilk marotaba amalga oshirildi va yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga, shuningdek, boshqaruv kompaniyasi hamda aeroportning ochiq axborot siyosatini shakllantirishga qaratildi, deyiladi xabarda.

Qayd etish joizki, bugunga qadar ko‘plab yo‘lovchilar o‘z jomadonlari va ulardagi buyumlarga shikast yetkazilganidan ko‘p marotaba shikoyat qilgan. «Gazeta.uz» muxbiri ham yukchilarning jomadonlarni yerga otib yuborayotganiga guvoh bo‘lgan.