3−4 may kunlari UEFA Chempionlar ligasining yarim final o‘yinlari javob uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Enfilddagi birinchi o‘yinda 2−0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishgan «Liverpul» Ispaniyada bo‘lib o‘tgan javob bahsida «Vilyarreal»ni 2−3 hisobida mag‘lub etib, musobaqa finaliga yo‘l oldi.

Ispaniyaliklar bosimi ostida o‘tgan birinchi bo‘limda Unai Emeri shogirdlari 2 ta gol urib, muvozanatni tiklagan bo‘lsa, ikkinchi taymda «Liverpul» futbolchilari bunga uchta gol bilan javob qaytarishdi. Umumiy hisob 5−2, «Liverpul» foydasiga.

Foto: uefa.com

Ikkinchi yarim final bahsida «Real Madrid» o‘z uyida «Manchester Siti» klubini qabul qildi. Birinchi o‘yin gollarga boy bo‘lgan (4−3) va manchesterliklar kichik ustunlik bilan g‘alaba qozonishgan edi.

O‘yindagi birinchi golni ikkinchi bo‘limda jazoirlik Riyad Mahrez Tibo Kurtua darvozasiga joyladi. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida esa zahiradan maydonga tushgan Rodrigo ikki daqiqa ichida ikkita gol urib, uchrashuvdagi hisobni 2:1 ga yetkazdi. Umumiy hisob tenglashgani uchun (5:5) jamoalar qo‘shimcha ikkita taym o‘ynashdi.


Qo‘shib berilgan birinchi taymning 95-daqiqasida uchrashuv hakami «Manchester Siti» darvozasiga penalti belgiladi. Penaltini ishlab olgan Karim Benzemaning o‘zi 11 metrli jarima zarbasini aniq amalga oshirib, «Real Madrid»ni o‘yinda (3:1) va ikkala uchrashuv umumiy hisobida (6:5) ham oldinga olib chiqdi. Shu bilan o‘yin oxirigacha hisob o‘zgarmadi.

Shunday qilib, 28 may kuni Parijdagi «Stad-de-Frans» stadionida bo‘lib o‘tadigan final o‘yinida «Liverpul» va «Real Madrid» klublari musobaqa g‘olibini aniqlash uchun maydonga tushadi.

Ma’lumot uchun, 2017−2018 yilgi Chempionlar ligasi mavsumida ushbu ikkala klublar finalda to‘qnash kelishgan. Kiyevda bo‘lib o‘tgan o‘sha uchrashuvda «Real Madrid» Karim Benzema va Garet Beyllarning gollari evaziga 3−1 hisobida «Liverpul» ustidan g‘alaba qozonib, 13-chempionlikni nishonlagan edi.